Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limining Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq holatlar fosh etildi.
Jumladan, To‘rtko‘l tumanida yashovchi shaxsning yashash uyi tomorqasida 4 tup kannabis giyohvandlik o‘simligi hamda uy ichida 2,26 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi aniqlandi. Shuningdek To‘rtko‘l-Nukus yo‘nalishidagi A-380 xalqaro avtomobil yo‘lida Nukus tumanida yashovchi O‘zbekiston fuqarosiga tegishli “Chery Tiggo 7” rusumli avtotransporti to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganida, 2 dona gugurt qutisidan 4.18 gr “marixuana” giyohvandlik vositasi topildi.
“Bes-tobe” YPX postida tashkil etilgan tezkor tadbir davomida transport vositasining old tomonida yo‘lovchi o‘rindig‘ining eshik qismida 1 dona tamaki mahsuloti qutisida 0,15 gr “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi. Nukus shahrida amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida 10,36 gr. bo‘lgan “Marixuana” giyohvandlik vositasini shartli xaridorga 2 million so‘m evaziga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tezkor tekshiruvlar davomida har bir holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun hujjatlar tayyorlandi. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida noqonuniy ekilgan o‘simliklar hamda tayyor giyovand moddalar daliliy ashyolar sifatida rasmiylashtirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA