Toshkent viloyat IIBB va DXX tezkor xodimlari tomonidan “poytaxt namunasi” asosida Zangiota tumanini xavfsiz va jinoyatdan xoli muhitga aylantirish choralari ko‘rilyapti. Shu maqsadda hududlar bo‘ylab giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, Yakkasaroy tumanida yashovchi 22 yoshli ayol 26 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 2 million so‘mga shartli xaridorga sotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi. Tezkor tadbirlar Sergili, Quyi Chirchiq, Qibray hamda Mirzo Ulug‘bek tumanlarida davom ettirilib, ayolni dori vositalari bilan ta’minlab kelgan 26-50 yosh oralig‘idagi 3 nafar erkak va 2 nafar ayol daliliy ashyolar bilan ushlandi.

To‘rt kun davomida jami 6 nafar shaxsdan iborat narkozanjirning barcha bo‘g‘inlari uzilib, ulardan turli hajm va ko‘rinishdagi 98 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 135 gramm gashish giyohvandlik vositasi hujjatlashtirilib olindi.
Shuningdek, Zangiota tumanida aniqlangan yana bir holatda 1993-yilda tug‘ilgan, Qo‘qon shahrida yashovchi shaxs 1 ming 181 dona psixotrop dori vositasini 30 million so‘m evaziga shartli xaridorga sotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.

Umuman olganda, o‘tgan 40 kun mobaynida Zangiota tumani hududida giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jami 16 ta jinoiy holat aniqlanib, 2 ta uyushgan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Tadbirlar natijasida turli hajm va ko‘rinishdagi 1 kilogramm giyohvandlik moddasi, 1 ming 371 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 2 ming dozaga teng 400 gramm sintetik giyohvandlik vositasi noqonuniy muomaladan olindi.
Mazkur yo‘nalishdagi tezkor-profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
A.Musayev,O‘zA