Toshkent viloyati hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, giyohvandlikning har qanday ko‘rinishga qarshi keskin va murosasiz kurashish borasida IIBB "Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish" bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan joylarda nazorat-reyd tadbirlari tashkil etilmoqda.
Xususan, Bekobod tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan “Do‘stlik” MFYda yashovchi 1982 yilda tug‘ilgan J.N.ning yashash xonadoni o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi. Bu yerda fuqaro taxminan 2 kilogramm gashish giyohvandlik vositasini sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlanib, ushlandi.

Shu kabi Bekobod shahar IIB tezkor xodimlari tomonidan 13-dahada yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan X.P.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, 50 gramm gashish giyohvandlik vositasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Ohangaron shahar IIB tezkor xodimlari tomonidan 2-kichik tumanda yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan A.A.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, taxminiy vazni 3 kilogramm bo‘lgan “marixuana” giyohvandlik vositasi topildi. Fuqaro protsessual tartibda qo‘lga olindi.

Olmaliq shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro 1991 yilda tug‘ilgan J.X. nazoratdagi xaridorga bir necha turdagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 400 ming so‘m evaziga sotayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan qo‘lga olindi.
Shuningdek, Toshkent tumanida ham 30 yoshli B.U. xaridorga 1 million 450 ming so‘m evaziga “tropikomid” va “regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan ushlangan.

Zangiota tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan yana bir 30 yoshli S.A. (ayol), nazoratdagi xaridorga 1 million so‘m evaziga “tropikomid” va “regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotayotgan vaqtida protsessual tartibda qo‘lga olingan.
Tadbirlar davomida dori vositalarining muomalasi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan ushlangan shaxslar va ularning xonadonlaridan jami 448 dona turli ko‘rinish va hajmdagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari topilib, ularning muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi.
Yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan hududiy IIBlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA