Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Giyohvandlik va OITSga qarshi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi
18:00 / 2025-11-25

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukuc filialida “Biz, yoshlar — giyohvandlik va OITSga qarshimiz!” mavzusida keng qamrovli targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining joriy yilning 3 noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilgan tadbir yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va zararli odatlardan himoyaning ahamiyatini oshirishga qaratildi.  

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi OITS ga qarshi kurash markazining vakillari ishtirok etishib, talabalarga giyohvandlikning achinarli oqibatlari, OITS infeksiyasining yuqish yo‘llari, shaxsiy gigiyena va profilaktika choralarining ahamiyati haqida tushuntirishlar berishdi. Mutaxassislar test natijalari maxfiy saqlanishi va erta tashxisning ahamiyatini alohida ta’kidladilar.  

Tadbir doirasida filial  o‘qituvchilari, xodimlari va talabalari ixtiyoriy ravishda qon topshirib, OITS ni aniqlash uchun bepul tezkor-testdan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Jarayon sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya qilingan holda tashkil etildi.  

Tadbir so‘nggida xodimlar va talabalar sog‘lom turmush tarziga amal qilish, zararli odatlardan voz kechish va OITSdan himoya choralarini o‘zlashtirishning ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Eng ahamiyatlisi, yoshlar orasida profilaktika madaniyatini shakllantirish va sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar samarali amalga oshirildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri