Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi tomonidan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi va iste’moli uchun yuridik javobgarlikni takomillashtirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 3 noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan tadbirda sohaga oid ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etishga e’tibor qaratildi.
Farmonda giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi keskin kurashish faoliyatini amalga oshirishga mas’ul davlat organlari va tashkilotlarining ustuvor vazifalari belgilandi.

Unda profilaktika ishlarini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakolatlarini kengaytirish, tibbiy va psixologik reabilitatsiya markazlarini tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi vazifalar belgilangan. Bu esa millat genofondini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Endilikda narkojinoyat sodir etgan shaxslarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilmaslik yoki jazosini yengilrog‘i bilan almashtirmaslik tartibi joriy etiladi.
Tadbirda profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish hamda tegishli tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Tadbir davomida giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qilinishi zarur bo‘lgan ishlar haqida so‘z bordi.
Qonunchilikni takomillashtirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, profilaktika ishlarini kuchaytirishga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi, taqdimotlar o‘tkazildi.
Amaliyotda uchrayotgan muammolar, ularni hal etish mexanizmlari hamda zamonaviy yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.
Ishtirokchilar giyohvandlikka qarshi kurashishning huquqiy, tashkiliy va profilaktik choralarini yanada kuchaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA