Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligi oshirilmoqda
16:41 / 2025-12-01

Joriy yil 3 noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan ushbu sohada sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada farmon bilan tasdiqlangan “Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi” muhim dasturilamal  bo‘layotir. 

Milliy dasturda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan Prezident Administratsiyasi rahbari S.Mirziyoyeva tomonidan kuch tuzilmalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan ishchi yig‘ilishda narkojinoyatchilik, jinoiy guruhlar va noqonuniy qurol-yarog‘ aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan samarali tizimni qisqa muddatda yaratish vazifasi qo‘yildi.

Shundan kelib chiqib poytaxtimizda “Giyohvandlikka qarshi kurashish: respublikadagi vaziyat, ko‘rilayotgan choralar va yangi strategiyalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tahlillarga ko‘ra, keyingi 5 yilda O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni 2 baravarga, noqonuniy muomaladan olingan narkotiklar musodarasi 67 foizga oshgan bo‘lsa, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi 80 baravarga keskin ko‘paygan.

2024 yilda huquq-tartibot idoralarining sa’y-harakatlari natijasida 5 ta yashirin narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yilgan bo‘lsa, joriy yilning 10 oyida ushbu ko‘rsatkich 12 tani tashkil etgan.

Joriy yilning 10 oyida respublikada 12 ming 848  narkojinoyat aniqlanib, 2 tonna 761 kilogramm narkotik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilgan hamda iste’molga chiqib ketishining oldi olingan.

Mazkur tahdidlarni bartaraf etish maqsadida giyohvandlikning oldini olish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Matbuot anjumanida rejada belgilangan muhim yo‘nalishlar yuzasidan davlat idoralari va mas’ul tashkilotlarning vazifalari bayon etildi.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Aadministratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Ichki ishlar, Bojxona qo‘mitasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, vakillari spiker sifatida ishtirok etdi.

Spikerlar tomonidan giyohvandlikning oldini olish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar rejasiga ko‘ra amalga oshiriladigan yo‘nalishlar matbuot anjumani ishtirokchilariga yetkazildi.

Tadbir tashkilotchilari tomonidan dasturda nazarda tutilgan barqaror profilaktika media muhitini yaratishda ommaviy axborot vositalarining hamkorligi muhim ekani ta’kidlandi.

N.Abduraimova, O‘zA