Giyohvandlik insonni qanchalik xarob qilsa, jamiyatga ham mislsiz zarar yetkazadi.
Asr vabosi deb atalayotgan bu illat tinch-totuv yashayotgan oilalarni buzadi, bolalarni yetim qiladi, muhtojlik, qashshoqlikda yashashga majbur etadi. Oqibati esa, albatta, ayanchli yakunlanadi.
Respublikamizda, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat Bojxona qo‘mitasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan muntazam ravishda murosasiz kurash olib boriladi .
O‘zbekiston narkotiklarning har qanday turdagi noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishda 1995 yilning fevral oyida BMTning giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash to‘g‘risidagi 1961, 1971 va 1988 yillardagi Konvensiyalariga qo‘shilgan.
1999 yil 19 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilingan.
2021 yil yanvar oyidan boshlab narkologiya sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi «Narkologik kasalliklar profilaktikasi va davolash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni kuchga kirdi. Unda vazirliklar, idoralar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining narkomaniyaning oldini olish va ta’minlash borasidagi vakolatlari, giyohvandlik bilan kasallangan shaxslar, shuningdek, tibbiyot xodimlarining huquq va majburiyatlari belgilab berilgan.
Respublikamizning an’anaviy tajribasiga muvofiq, sud jarayonida ashyoviy dalillar sifatida o‘tgan giyohvandlik vositalari, sud hukmlari qonuniy kuchga kirgach, pechlarda yoqib yuboriladi.
Bugun, 27 iyun kuni Toshkent metallurgiya zavodining majlislar zalida «26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurash» kuni munosabati bilan Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa respublika huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan noqonuniy muomaladan musodara qilingan giyohvandlik vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha navbatdagi tadbir o‘tkazildi
Birlashgan millatlar tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimlari, chet davlatlar elchixonalari vakillari, huquqni muhofaza etuvchi organlar xodimlari va Ommaviy axborot vositalari xodimlari yig‘ilib, Toshkent metallurgiya zavodining metall erituvchi pechlarida 1 tonna 933 kg. 695 gr. giyohvandlik vositalari, shu jumladan 133 kg. 713,5 gr. geroin, 159 kg. 478 gr. opiy, 1 tn.dan oshiq gashish, 300 kg. 786 gr. marixuana, 79 kg 842,5 gr. ko‘knor, 247 kg 150,4 gr. kannabis hamda turli xildagi psixotrop va psixofaol moddalar yoqib yo‘q qilindi.
Mazkur jarayonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatgan jurnalist va blogerlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish Milliy axborot-tahlil markazi, Davlat Xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligining mas’ul xodimlari o‘z tushuntirishlarini berib o‘tishdi.
Jumladan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nilufar To‘raxonova shunday dedi:
– Ichki ishlar vazirligi tomonidan boshqa huquq-tartibot organlari, mutasaddi idora-tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlar orasida iste’moli ommalashib borayotgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, sintetik giyohvandlik vositalarini tarqalishiga qarshi profilaktik va tezkor-qidiruv tadbirlari jadal olib borilmoqda.
Bu yo‘nalishda o‘tkaziladigan maxsus profilaktik tadbirlar yangicha usulda bir necha bosqichda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilning fevral oyida yoshlar orasida targ‘ibot ishlariga bag‘ishlangan «Hayoting o‘z qo‘lingda» nomli badiiy-hujjatli film yangicha g‘oya asosida ishlab chiqildi.
Giyohvandlik vositalari iste’molining ayanchli oqibatlari haqida turli xildagi infografika usulida tayyorlangan o‘n besh mingdan ortiq buklet, o‘n mingdan ziyod eslatma, o‘n mingdan ko‘p flayerlar aholi gavjum bo‘lgan aeroport, yirik savdo markazlari, temir yo‘l vokzali va bozor savdo komplekslarda tarqatilib, bunday tadbirlar muntazam olib borilmoqda.
Aynan shu joylar va chorrahalarga joylashtirilgan videomonitorlarda giyohvandlikning ayanchli oqibatini yorituvchi qisqa metrajli videoroliklar namoyish etilib, aksariyat yoshlar ishlovchi korxona tashkilot, mahallalar, qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh qishloq va ovullarda maqsadli targ‘ibot ishlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasiga giyohvandlik vositalari kirib kelish va tarqalish kanallariga to‘siq qo‘yishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari ham jadallashtirildi.
Natijada, 2021 yilda boshqa huquq tartibot organlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 6 801 ta jinoyat aniqlandi, noqonuniy muomaladan 1,5 tonnaga yaqin giyohvandlik vositalari olinib, umumiy ko‘rsatkichlar 20 foizga ko‘paydi.
Shundan 97 kilogramm geroin, 262 kilogramm opiy, 238 kilogramm gashish, 777 kilogrammm marixuana, 72 kilogramm ko‘knor, 22 kilogramm nazorat ostidagi dori vositalari va 7 kilogramm sintetik giyohvandlik vositalarini tashkil etdi.
4 ming 200 kvadrat metrdan ortiq yer maydonida o‘sayotgan ko‘knor va kannabis o‘simligi aniqlanib, yo‘q qilindi.
Xalqaro ekspertlarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Afg‘onistonda ko‘knor yetishtiriladigan maydonlar 177000 (224000) gektarni, ishlab chiqarilgan opiy miqdori esa 6800 (6300) tonnani tashkil etgan.
Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekiston Respublikasida ham giyohvandlik bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda, u giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishini kengaytirishga, psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalarni notibbiy maqsadlarda iste’mol qilinishining o‘sishiga, afg‘on opiatlarini «Shimoliy yo‘nalish» bo‘ylab tranzitini yangi va avvalgi kanallarini shakllantirish bilan bog‘liq bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish Milliy axborot-tahlil markazi (Markaz) ma’lumotiga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida 2021 yilda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq - 7142 (6032) ta jinoyat fosh etilgan.
Ulardan 2165 (1814)tasi narkotik moddalarni o‘tkazish, 441 (304) tasi kontrabanda, 1571 (1521)tasi giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirish, 53 (49) tasi bangixonalar tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, boshqa turdagi narkojinoyatlar 2912 (2344) tani tashkil etdi.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda 992 (654) ta narkojinoyatlar aniqlanib, 823,5 (534,6) kg giyohvandlik vositalari musodara qilingan.
Bundan tashqari, 270 (587) psixotrop modda tabletkalar, 71,25 kg. va 15 litr prekursorlar, 260297 (93182) dona psixofaol dori vositalari qo‘lga olingan.
DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda 170 (171) ta holatda 199,4 (162,5) kg. giyohvandlik vositalari va 123 (8503) dona psixotrop dori vositalari musodara qilingan.
Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy olib o‘tilishi bilan bog‘liq 646 (427) ta holat aniqlangan.
Sud idoralari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga oid 3677 (3330) ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va 4254 (3977) nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlangan.
Mahkumlar orasida yoshlar salmog‘ining ortib borayotgani alohida tashvish uyg‘otadi.
Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 41,2 foizni (934 tadan 385 tasini) tashkil etib, giyohvandlik jinoyatlarining deyarli har ikkinchisi yoshlar tomonidan sodir etilayotganligidan dalolat beradi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston giyohvand moddalar tarqalishiga qarshi kurashish va giyohvandlik vositalari ustidan nazoratni kuchaytirish sohasidagi xalqaro majburiyatlarni izchil bajarib kelmoqda.
Ammo psixotrop moddalar bilan savdo qiluvchi vijdonsizlar yangi usul va nayranglarni qo‘llab, zahri qotilni sotish harakatlarini davom ettirishmoqda. Ular o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida hali dunyoqarashi shakllanmagan, o‘zgalar ta’siriga tushib qolishga moyil yoshlar umriga zomin bo‘lishayotgani barchani birdek tashvishlantiradi.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali giyohvandlik vositalarining targ‘iboti va noqonuniy savdosiga oid reklamalarning ko‘payib borayotgani nazoratdan chetda qolmoqda.
Ta’kidlash joizki, giyohvandlik faqatgina uning domiga tushib qolganlarning muammosi emas, balki jamiyatimiz rivojiga hamda yurtimiz taraqqiyotiga bolta uruvchi jiddiy muammodir. Shunday ekan, ushbu mudhish illatga qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning, balki har birimizning insoniylik burchimizga aylanishi shart.
[gallery-7750]
Shuhrat Ne’matov, O‘zA