26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni
Toshkent shahar Reabilitatsiya markazida “Giyohvandlik – asr vabosi” nomli davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda tumandagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislar, mahallalardagi faol xotin-qizlar va faollar ishtirok etdi.
Suhbat huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy masalalar bo‘yicha muammolarini tizimli hal etish va aholini huquqiy ongi hamda savodxonligini oshirib borish, mavjud muammolarni o‘rganish va hal etish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi P.Zakirova yurtimiz mustaqillikka erishganining dastlabki kunlaridan boshlab, narkotik moddalarning g‘ayriqonuniy aylanishi va uning iste’moliga qarshi kurash boshlanganligi, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligiga tahdid solayotgan bir qator ichki va tashqi omillarga: kashandalik, odam savdosi, diniy ekstremizm, giyohvandlik va ichkilikbozliklar kirishi va bu illatning oldini olish uchun ko‘plab amaliy ishlar bo‘layotganini ta’kidladi. Giyohvand o‘z ehtiyojini qondirish uchun hech narsadan qaytmaydi. Narkotik moddalar iste’mol qilganlar oilasida tug‘ma nogiron, mayib-majruh, aqli zaif, nuqsoni bor bolalar dunyoga kelmoqda. Demak, giyohvandlik jamiyatga nihoyatda katta ma’naviy va moddiy zarar yetkazadi.

Giyohvandlikka qarshi kurash bu faqat huquqni muhofaza qilish organlarining yoki mahalla faollarining ishi emas balki, barchamiz uchun, o‘zini shu jamiyatning a’zosiman, degan har bir insonning eng dolzarb fuqarolik vazifalaridan biri bo‘lishi lozim.
Yig‘ilishda so‘z olganlar 1996 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha Milliy axborot- tahlil markazining tashkil etilishi, 1999 yilda esa “Narkotik vositalar va psixotrop moddalar” to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinganligi, Giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha bir nechta me’yoriy hujjatlar qabul qilinganiga qaramasdan bu illat ko‘payib borayotgani haqida gapirdi.
26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni, deb e’lon qilinishi ham bekorga emas. Oliy o‘quv yurtlari, maktab va boshqa o‘quv muassasalarida barcha soha vakillari hamkorligida tadbirlar o‘tkazilib, yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Suhbat davomida Chilonzor tumani hududida sodir etilgan jinoyatchilik, huquqbuzarliklar hamda fuqaroviy va ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar haqida ma’ruza qilinib, giyohvandlikka chek qo‘yish, giyohvandlikka ruju qo‘ygan ayollar bilan ishlash borasida tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.
Xotin-qizlar tomonidan spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, giyohvandlik, fohishabozlik ko‘chasiga kirganlarning hayoti haqida o‘rganilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi. “Giyohvandlikning salbiy oqibatlari”ga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Davra suhbati jarayonida giyohvandlik va ichkilikbozlik, fohishalik bilan shug‘ullanayotgan ayollarning hayotidagi ayanchli holatlar tahlil qilindi. Barcha mahallalarda ayollarning muammolari va ularni qiynayotgan masalalar ko‘rib chiqilishi va ularga huquqiy yordam ko‘rsatib borish belgilandi. Shuningdek, jinoyat yo‘liga kirib jazoni o‘tab qaytganlarning ijtimoiy moslashuvi, yoshlar va ayollarni psixologik qo‘llab-quvvatlash, ularni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Inson uchun eng bebaho boylik – bu sog‘lik-salomatlik. Uni asrash kerak.
Shoira Ermatova,
Sudyalar Oliy maktabi magistranti.
O‘zA