Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Giyohvand moddalar savdosiga yo‘l yo‘q
12:34 / 2023-08-17

Noqonuniy tarzda giyohvandlik vositalari yetishtirish, ularning oldi-sotdisi bilan shug‘ullanish jinoyat hisoblanishi barchaga ma’lum. Buni bila turib shu ishga qo‘l urgan kishilarning xatti-harakatini qanday izohlashni bilmaydi, kishi. Oqibat esa ko‘pchilikka ma’lum.

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir qator shunday holatlar aniqlandi. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumani Qushbegi mahallasida yashovchi fuqaro F.R. tomonidan ijaraga olingan 50 sotix yer maydonida 21 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligi hamda taxminan 500 gramm “marixuana” giyohvandlik moddasi topilib, protsessual tartibda hujjatlashtirib olindi.  

Yana bir holat Narpay tumani Olti o‘g‘il mahallasida qayd etildi. Fuqaro J.N. yashash xonadonida noqonuniy ravishda “marixuana” giyohvandlik moddasini muntazam ravishda iste’mol qilish, yetishtirish va sotish bilan shug‘ullanib kelganligi aniqlandi. Uning xonadoni ko‘zdan kechirilganda tomorqasida 99 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligi yetishtirib kelinayotganligi hamda taxminan 1 kilogramm 700 gramm “marixuana” giyohvandlik moddasi yashirib qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi. 

Samarqand shahar Bog‘ibaland mahallasida harakatlanib ketayotgan “Cobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, ushbu avtomashina yo‘lovchisi, 1998 yilda tug‘ilgan, Urgut tumani Chep mahallasida yashovchi fuqaro A.Y.ning yonidan sof og‘irligi 44,33 gramm ekstraksiyali “opiy” va 4,97 gramm “geroin” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi.  

Tadbir davomida avtomashina haydovchisi, 1999 yilda tug‘ilgan, shu mahallada yashovchi M.A.ning ham ushbu jinoyatga aloqasi borligi aniqlanib, qo‘lga olindi. Yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.  

G‘.HASANOV,  

O‘zA