Poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogining uchinchi bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Quvonarlisi, halqada mashq bajarishda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Taxmina Ikromova oltin, Anastasiya Saranseva kumush medalga ega chiqdi. Neytral maqomdagi gimnastikachi Darya Groxotova esa ushbu yo‘nalishda kuchli uchlikni yakunlab berdi.
To‘pdagi mashqlarda germaniyalik Darya Varfolomeyeva birinchi pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, Taxmina Ikromova hamda Anastasiya Saranseva shohsupaning ikkinchi va uchinchi o‘rinlarida qayd etildi. Bulavada esa Darya Varfolomeyeva oltin, Anastasiya Saranseva kumush, Taxmina Ikromova bronza medaliga ega chiqdi. Tasmada chiqish qilgan gimnastikachilar o‘rtasida Darya Varfolomeyevaga teng keladigani topilmagan bo‘lsa, Taxmina Ikromova ushbu yo‘nalishda ikkinchi bo‘ldi. Yana bir germaniyalik gimnastikachi Anastasiya Simakova bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, 3 to‘p va 2 ta halqadagi jamoaviy bahslarda Polsha terma jamoasi shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga chiqdi. Xitoy va O‘zbekiston termalari kuchli uchlikdan o‘rin egalladi. 5 ta tasmada jamoaviy mashq bajarishda Xitoy, Polsha va Qozog‘iston terma jamoalari shohsupaga ko‘tarildi.
Shu tariqa, poytaxtimizda yuqori saviyada o‘tkazilgan jahon kubogining uchinchi bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Ushbu bosqich yakuniga ko‘ra, umumiy hisobda Germaniya terma jaomasi 5 ta oltin va 1 tadan kumush hamda bronza medali bilan birinchi o‘rinda bormoqda. Bu jamoani 4 tadan oltin va kumush hamda 2 ta bronza medal bilan Ukarina termasi ta’qib qilmoqda. Bolgariya esa 4 ta oltin, 2 ta kumush hamda 3 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan holda uchinchi o‘rindan mustahkam joy olgan. O‘zbekiston terma jamoasi esa 2 ta oltin, 7 ta kumush va 5 ta bronza, jami 14 medal bilan to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.

Umid qilamizki, 18-20 iyul kunlari Italiyaning Milan shahrida o‘tadigan jahon kubogining to‘rtinchi bosqichida, gimnastikachilarimiz hozirgi holat kabi nafaqat medallar soni bo‘yicha balki sifati bo‘yicha ham oldinga chiqib oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA