Yurtimizda bolalar sportini rivojlantirish, ayniqsa, qizlarni sportga yo‘naltirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Yosh gimnastikachilar nufuzli xalqaro arenalarda muvaffaqiyatga erishib, O‘zbekiston dovrug‘ini butun dunyoga keng taratishmoqda.
Namangan shahridagi 6-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Ifora Murodbekova, Yangi Namangan tumanidagi 60-sonli umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi Omina Islomjonova va Rayhona Ravshanova ana shunday iqtidor sohibalaridan.

Namangan shahridagi “Pahlavon” sport majmuasida joylashgan viloyat gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida tajribali murabbiyi Kamila Mirxalikova boshchiligida badiiy gimnastika sirlarini qunt bilan o‘zlashtirayotgan bu qizlar yana bir zafar marrasini zabt etdi.
Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkazilgan “Gymnastika solo cup junior 2025” xalqaro turnirida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan namanganlik yosh gimnastikachilar kuchli raqiblar orasida yuqori ko‘rsatkichlar bilan faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Yirik musobaqada 17 davlatdan kelgan 650 nafar talabgor orasida shunday g‘alabani qo‘lga kiritishni o‘zi yuksak sharaf ekanligini e’tirof etish lozim.

Shuni alohida aytish joiz, viloyat gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi tarbiyalanuvchisi Fotima Karimjonova Xitoyning Guanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan “East Cup & Olympic Stars” xalqaro musobaqasida faol ishtirok etib, kumush medalga sazovor bo‘lgan edi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bPImkh3nliQ" title="Gimnastikachilar dunyoni zabt etmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Oqilxon Dadaboyev, Mardonbek Esonboyev, O‘zA.