Keyingi yillarda yurtimizda jismoniy tarbiya va sport sohasiga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi xalqaro musobaqalarda erishilgan natijalarda o‘z aksini topmoqda. Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlaridagi yutuqlarimiz salmog‘i ortdi. O‘zbek sportining jahon maydonlaridagi obro‘-e’tibori yuksaldi.
Xususan, gimnastika sport turlariga qaratilgan e’tibor natijasida nafosat va mahoratni uyg‘unlashtirgan sport turidagi natijalarimiz ham e’tiborga molik.

Aytish lozim, gimnastika bo‘yicha iqtidorli yoshlarni aniqlash, yo‘naltirish borasida zarur shart-sharoit yaratish, mahoratli sportchilarni yuqori natijalar sari ruhlantirish maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Shahlo Narziyeva bilan erishilayotgan ko‘rsatkichlar, mavjud muammolar xususida suhbatlashdik.

– Gimnastikaga qiziquvchi yoshlarni tanlash, saralash tizimi sport maktabida qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Mahoratli yosh sportchilarni tanlash, ularni saralash mashaqqatli vazifa. Davlatimiz rahbari tomonidan “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolanishi bilan maktabimizga mahoratli sportchilarni jalb etishning yangicha tizimi joriy etildi. Qarorga asosan respublikamizning Farg‘ona, Nukus va Samarqand shaharlarida gimnastika markazlari tashkil etildi. Kelajakda ushbu hududlardagi markazlarda tayyorlanayotgan sportchilarning eng iqtidorlilari bizning maktabimizga yuboriladi va ular bu yerda terma jamoaga zaxira sifatida mashg‘ulotlarni davom ettiradi. Bundan tashqari aytishim lozimki, maktabimizda faoliyat yuritib kelayotgan tajribali, xalqaro maydonda bilimi yuksalgan murabbiy-mutaxassislar yordamida har yili 7-17 yoshdagi bolalarni belgilangan nizom asosida imtihon orqali qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Qabul har yili avgust oyida o‘tkaziladi.
– Ayni paytda sport maktabida necha nafar yosh shug‘ullanmoqda?
– Bugungi kunda mazkur sport maktabida 102 nafar yosh gimnastikachi badiiy va sport gimnastikasi, tramplin va sport akrobatikasi turlari bilan professional shug‘ullanib, ta’lim-tarbiya olib kelmoqda.
Davlatimiz tomonidan mahoratli sportchilarni tayyorlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Maktabimizda sportchi-o‘quvchilar uchun turar joy bor, to‘rt mahal ovqat beriladi. Shuningdek, sport jihozlari hamda maxsus sport kiyimlari, sport uskunalari va inventarlari bilan ta’minlangan. Bunday sharoit va imkoniyatdan unumli foydalanish, xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilarni tayyorlash birlamchi vazifamiz hisoblanadi.
– Maktabda tahsil olib, gimnastika bilan professional shug‘ullanib, katta natijalarga erisha olmaydigan sportchilarning keyingi taqdiri qanday bo‘ladi?
– Maktabimizda tahsil olayotgan barcha sportchilar ham katta sportda yuqori natijalarga erisha olmaydi. Gimnastika – murakkab sport turi. Respublikamizning chekka hududlarida bu sohada murabbiylar yetishmasligi muammosi bor. Maktabimiz yosh murabbiylarni yetishtirib berayotgan bilim dargohi ekanligi bilan ham e’tiborlidir. Bundan tashqari, gimnastika bilan shug‘ullangan yoshlar, ayniqsa, qizlar har jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetadi. Bu o‘z navbatida, kelajakda ona bo‘ladigan qizlarimizning keyingi hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ahamiyatlidir.
– Bilamizki, sport maktabi yoshlari yil davomida xalqaro musobaqalarda, ichki chempionatlarda qatnashadi. Ularning musobaqalar va o‘quv-yig‘inlar davrida darslarni o‘zlashtira olmaslik holatlari ham kuzatiladimi?
– To‘g‘ri aytdingiz, maktabimiz yoshlari doimiy holatda turnir va chempionatlarda qatnashib keladi. Ularning deyarli 99 foizi maktab o‘quvchilari. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, bu sport maktabi bo‘lishiga qaramay, biz ta’lim va tarbiya jarayonlariga katta e’tibor qaratamiz. Sportdagi yutuqlar muhim, ammo bolalarning umumiy bilim darajasi va tarbiyasi bundan kam yemas. “Sizlar sportchisiz, maktabga bormasangiz ham bo‘ladi” degan yondashuv bizga begona. Musobaqa va mashg‘ulotlar sabab dars qoldirgan sportchilarga ma’lum bir vaqtda o‘zlashtirish imkoni beriladi. Sportchilarning dars mashg‘ulotlarini o‘z vaqtida o‘zlashtirishi borasida poytaxtimizdagi 9 va 96-umumta’lim maktablari bilan hamkorlik o‘rnatilgan.
– Sport maktabi tarbiyalanuvchilari orasida Olimpiya va Osiyo o‘yinlari ishtirokchilari bormi? Umuman, natijalar davlat darajasidagi e’tiborga munosibmi?
– Maktabimiz o‘quvchilarining sport natijalari yildan yilga yaxshilanib bormoqda. 2024 yili sportchilarimiz rekord darajadagi sport tadbirlarida: 19 ta Respublika chempionatlari va kuboklari, 26 ta xalqaro musobaqalarda qatnashdi. Ularda 338 ta medallar shodasi qo‘lga kiritildi. Shundan 18 ta oltin medal Osiyo chempionatiga tegishli. 40 nafar sportchimiz milliy terma jamoaning asosiy va zaxira tarkibidan o‘rin olgan. Joriy yilning may oyida Singapurda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida maktabimiz tarbiyalanuvchilari Alana Xafizova, Milana Safina, Kristina Shin, Jasmin Yaxlakova, Yosina Djurayeva, Zamira Xvalchevalarning 6 ta oltin, 6 ta kumush, 6 ta bronza medallariga sazovor bo‘lgani kelgusida Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida gimnastika maktabi tarbiyalanuvchilari O‘zbekiston terma jamoasi safida qatnashishiga ishonch uyg‘otadi. Hozirda butun e’tiborimiz “Los-Anjeles-2028” Olimpiadasiga qaratilgan. Umidimiz, maktabimizda yoshlarga gimnastika sport turlarining sir-asrorlarini o‘rgatib kelayotgan 19 nafar trener-o‘qituvchi mashg‘ulot jarayonlarida yoshlarning Olimpiadada ishtirok etishdek oliy maqsadiga e’tiborini qaratmoqdaki, bu, yaqin kelajakda o‘z natijasini berishiga ishonamiz.
Mushtariy Ikromova suhbatlashdi, O‘zA