Gimnastika barcha uchun
Poytaxtimizda shunday shior ostida 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar va 50 yoshdan katta uy bekalari o‘rtasida musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda shunday shior ostida 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar va 50 yoshdan katta uy bekalari o‘rtasida musobaqa bo‘lib o‘tdi.An’anaviy turnir O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Gimnastika federatsiyasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, xotin-qizlar, yoshlar va bolalarni jismoniy tarbiya hamda sportga keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2010-yil 1-apreldagi «Qishloq joylardagi bolalar sporti obyektlarida band bo‘lgan ayol sport ustozlari mehnatini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» va 2011-yil 27-avgustdagi «Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorlari bu boradagi ishlarni takomillashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.
Badiiy va sport gimnastikasi, aerobika, akrobatika, trampolin, xalq va zamonaviy raqslarni o‘zida mujassam etgan gimnastrada aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishda muhim vosita hisoblanadi. Mazkur sport turi bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobqalardan ko‘zlangan maqsad aholi, ayniqsa, xotin-qizlarning o‘z salomatligi uchun mas’uliyatini oshirishdir.
Mamlakatimizda xalqaro standartlar darajasida jihozlangan sport markaz va seksiyalari, komplekslari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, qizlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishiga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Zero, sog‘lom millat genofondi avvalo, bo‘lajak onalar ― qizlar salomatligiga bog‘liq. Ayni paytda o‘quvchilarning sport turlari bilan faol shug‘ullanishi tufayli virusli infeksiyalar bilan kasallanish darajasi 28,7, pnevmoniya kasalligi 35,2, bronxit 28,2 va skolioz xastaligiga chalinish 25,3 foiz kamaydi.
Musobaqada Toshkent shahri va viloyatining 29 jamoasidan 348 kishi qatnashdi. Shuni qayd etish kerakki, ishtirokchilar professional sportchilar bo‘lmagani bois ular uchun yosh chegarasi mavjud emas.
– Gimnastika bilan muntazam shug‘ullanaman, – deydi bekobodlik Tatyana Safarova. – Bunday turnirlar o‘z salohiyatimizni namoyish etish, sog‘lom turmush tarziga rioya etishga yordam beradi.
Ishtirochilarning chiqishlari raqs va gimnastika elementlarini ijro etish mahorati kabi mezonlar bo‘yicha baholandi. Poytaxtimizning Shayxontohur va Toshkent viloyatining Bekobod tumani jamoasi birinchi va ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchtepa tumani jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shu kuni mamlakatimizning barcha viloyatlarida ham shunday musobaqalar o‘tkazildi. Tadbirlar doirasida hamyurtlarimizning sport sohasidagi yutuqlari ko‘rgazmasi va bayram konsertlari tashkil qilindi.
Musobaqaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirnining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.