FOTOREPORTAJ
Jizzax shahrida yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida 60 va undan yuqori yoshdagi faxriylar o‘rtasida milliy kurash bo‘yicha “G‘ayratli keksalar” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa davlatimiz rahbarining 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida nuroniylarni jismoniy faollikka jalb etish va ularning jamiyatdagi ishtirokiga keng yo‘l ochish maqsadida tashkil etildi.
[gallery-25417]
Musobaqada tuman va shaharlardan kelgan qirq nafarga yaqin faxriy polvon 4 vazn toifasida bellashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 66 kilogramm vazn toifasida — Sharof Rashidov tumanidan Yo‘ldosh Bozorov hamda ushbu tumandan yana bir polvon Aminbek O‘zbekov 81 kilogramm vazn toifasida gilamga tushib, g‘alaba qozondi. 73 kilogramm vazn toifasida esa g‘oliblik Mirzacho‘l tumanidan Bozor Primovga nasib etdi. 90 kilogramm vazn toifasida gilamga tushgan zominlik polvon Abdujalil Karimovga teng keladigan topilmadi.
G‘olib va sovrindorlar “Nuroniy” jamg‘armasining Jizzax viloyat bo‘limi hamda viloyat sport boshqarmasi tomonidan esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA