“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyati kengashi tashabbusi bilan Karmana tumanida “Gilamchilik uy muzeyi” tashkil etildi.
Ushbu uy muzeyi asoschisi 73 yoshli Maxtara aya Hayitova uzoq yillardan buyon gilamdo‘zlik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Maxtara aya shu kunga qadar 100 dan ortiq xotin-qizga ustozlik qilgan.
– Gilam to‘qishni o‘tgan asrning 90-yillarida boshlaganman, – deydi M.Hayitova. – Shu kasb orqasidan uy qurdim, farzandlarimni o‘qitdim, uyli-joyli qildim. Aslida gilam to‘qish qadimdan chorvachilik bilan shug‘ullanadigan ko‘chmanchi qabilalar orasida keng tarqalgan bo‘lib, qirqilgan junlar yuvilib tozalanadi. Keyin temir taroqlarda taralib, ip yigiriladi. Iplar turli tabiiy bo‘yoqlar bilan bo‘yaladi. Shuning uchun gilam ranglari o‘zgarmaydi va o‘zining sifatini yo‘qotmaydi. Hozir sun’iy tolalardan ham to‘qilmoqda. Gilamchilik yer bag‘irlab yotiq va tik o‘rnatilgan dastgohlarda to‘qiladi. To‘qilish usuliga ko‘ra patli va patsiz gilam turlari farqlanadi. Men asosan tik o‘rnatilgan dastgohda patsiz gilam turini to‘qiyman.
Milliy qadriyat va an’analarimizni o‘zida mujassam etgan gilamdo‘zlik hunarini asrab-avaylab, kelajak avlodlarga ham yetkazish juda muhim. Ana shu jihatlarni inobatga olgan holda partiyaning “Xizmat-beminnat” loyihasi doirasida uy muzeyida o‘quv kursi tashkil etildi. Endi Maxtara aya 6 nafar xotin-qizga o‘z hunari sirlarini o‘rgatadi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri