French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ijduvonga bir kelib keting
20:18 / 2025-09-22

Buxoro viloyati hokimligi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tumanlarda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida G‘ijduvon tumani bo‘ylab press-tur tashkil etildi.

Press-tur ishtirokchilari hududda yangi ish o‘rinlari yaratish orqali ishsizlikka barham berish, istiqbolli investitsion loyihalarni amalga oshirish va eksport hajmini ko‘paytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan  yaqindan tanishdi. Tuman hokimi Sherzod Ashurov shu haqda so‘z yuritar ekan, aholi turmush farovonligini oshirish, xususan, g‘ijduvonliklarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida ko‘p qavatli uylar barpo etish doirasidagi qurilish ishlari bugungi kunda jadallik bilan davom etayotganini ta’kidladi. Jumladan, 2025-2027 yillar mobaynida umumiy qiymati 1,7 trillion so‘mlik ko‘p qavatli uy-joylarni qurish orqali 6 mingga yaqin xonadonlar foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilganligini bildirdi. Ushbu yo‘nalishdagi bunyodkorlik ishlari hududdagi “Farovon hayot” MCHJ va boshqa qurilish tashkilotlari  tomonidan amalga oshirilmoqda. Umuman, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan va madaniyat, ma’naviy-ma’rifiy, turizm, agrar soha, tadbirkorlik va ko‘plab boshqa yo‘nalishlardagi ishlar bardavomligi ham ta’minlanmoqda.

[gallery-25408]

Butun mamlakatimizda bo‘lganidek, G‘ijduvonda ham islohotlar o‘z samarasini berishi uchun mavjud resurs va imkoniyatlar to‘liq ishga solinganligi o‘z amaliy natijasini bermoqda. Jumladan, “Yoshlar sayilgohi”da davlat xususiy sherikligi asosida yangi bog‘ning tashkil etilganligi, mahalliy san’atkorlar va ijrochi yoshlarning kelgusidagi faoliyatlarida muhim o‘rin tutadigan tuman Madaniyat markazining barpo etilganligi ishlab chiqilgan loyihalar va ularning ijrosiga aniq misol bo‘ladi. Shuningdek, hududdagi 20 gektar maydonda “Maxsus sanoat zonasi”ning tashkil etilayotganligi, unda “G‘ijduvon tajribasi” asosida xorijdan olib kelinayotgan tovar va mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini joylashtirish ko‘zda tutilganligi ham tuman iqtisodiyotini mustahkamlash va aholi turmush darajasini oshirishda  muhim o‘rin tutadi.

Press-tur ishtirokchilariga tumanni jadal rivojlantirish uchun ajratilgan 70 milliard so‘m byudjet mablag‘lari evaziga tuman markazini yashash, dam olish va tadbirkorlik uchun qulay maskanga aylantirish, turizm salohiyatini rivojlantirish hamda sanoat va xizmat ko‘rsatishga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida umumiy qiymati 150 milliard so‘m bo‘lgan 80 dan ortiq loyihalar amalga oshirilib, yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilganligi va shu tariqa byudjetga 17 milliard so‘mdan ortiq qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilinishi bo‘yicha zarur ma’lumotlar berildi.

Jurnalist va blogerlar tuman markazidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Hozirda bu yerda 7 ta yo‘nalishdagi to‘garaklar ishlab turibdi. Foydalanishga topshirilgan ushbu maskanda o‘quvchi-yoshlar robototexnika, informatika, “Mohir qo‘llar”, ingliz va koreys tillari hamda boshqa bir qator to‘garak mashg‘ulotlarida faol ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda. Bu yerdagi to‘garaklarga 1800  nafar o‘quvchi qamrab olingan.

Ishtirokchilar “Sardor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangi qurilgan Madaniyat markazida ham bo‘ldi. “Buxoroagroklaster” MCHJ bunyodkorlari tomonidan barpo etilgan ushbu ko‘rkam bino hududida olib borilayotgan obodonchilik ishlari bilan tanishdi. Ushbu bino va uning shinam zallari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan, konsert dasturlari taqdim etiladigan tom ma’nodagi qutlug‘ go‘shalarga aylanadi.

Tumanning turizm salohiyatini oshirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida “Qo‘rg‘on” turizm mahallasini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari ham  jurnalist va blogerlar e’tiborini o‘ziga qaratdi. Ma’lum bo‘lishicha, “Qo‘rg‘on” turizm mahallasining qadimiy qiyofasini tiklash loyihasi bo‘yicha “RAHMON JAMSHID” MCHJ pudrat tashkiloti tomonidan Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida amalga oshirilayotgan suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish loyihasiga 1 km. 200 mm. diametrli  suv quvurlari hamda tegishli hajmlardagi gaz quvurlari bu yerga yetkazib berilgan.

Bundan tashqari jurnalist va blogerlarga “Saidkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Zarafshon daryosi bo‘yida “Sohil bo‘yi” dam olish maskanini barpo etish maqsadida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ham bir qator ma’lumotlar berildi.

Yurtimizdagi tabarruk qadamjolardan biri Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi bo‘lib, keyingi paytda bu yerda amalga oshirilgan restavratsiya, ta’mirlash-tiklash ishlari samarasiga press-tur ishtirokchilari yana  bir marta amin bo‘ldi.

Yangi O‘zbekiston poydevori barpo etilayotgan bugungi kunda xalqimiz manfaatlari ustuvorlik kasb etgan har bir sohada belgilangan dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlashda ko‘zlangan natijalarga erishsa bo‘ladi. Qolaversa “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” ezgu g‘oyasini hayotga tatbiq etishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad ham shudir.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.