Kuni kecha G‘ijduvon tumanida joylashgan Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati sport zalida belbog‘li kurash bo‘yicha Buxoro viloyati ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada 2008-2012-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar ishtirok etib, Qashqadaryo, Navoiy hamda Buxoro viloyatlaridan kelgan 200 nafardan ortiq yosh polvonlar g‘alaba uchun bellashdi.

Chempionat Buxoro viloyat sport boshqarmasi, G‘ijduvon tuman olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati hamda Belbog‘li kurash federatsiyasi Buxoro viloyati bo‘limi hamkorligida yuqori saviyada tashkil etildi.

Qiziqarli va murosasiz bellashuvlar natijasida Firdavs Qiyomiddinov (32 kg, Buxoro), G‘olib Ibragimov (71 kg, Navoiy), Shaxrizoda Ubaydullayeva (+52 kg, Qashqadaryo) va Kumush Xolmurodova (40 kg, Buxoro) o‘z vazn toifalarida chempion bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, chempionat doirasida federatsiyaning 2025-yildagi faoliyatiga bag‘ishlangan sarhisob tadbiri ham o‘tkazilib, o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan sportchi va murabbiylar munosib rag‘batlantirildi.

– Milliy sport turimiz bo‘lgan belbog‘li kurashni yanada rivojlantirish asosiy maqsadimiz, – deydi Belbog‘li kurash federatsiyasining Buxoro viloyati bo‘limi ijrochi direktori Sohibjon Qosimov. – Bu kabi ochiq chempionatlar nafaqat yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtiradi, balki iqtidorli polvonlarni saralab olishga ham xizmat qiladi. Oldinda xalqaro musobaqalar bor, ularda viloyatimiz sportchilari mamlakat terma jamoasi safida yurtimiz sharafini himoya qilishni maqsad qilgan.
G‘ijduvondagi ushbu chempionat yoshlar uchun haqiqiy sport bayramiga aylanib, belbog‘li kurashga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA