Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ijduvonda “yashil” energetika loyihasi amalga oshiriladi
12:29 / 2026-02-13

Fransiyaning qayta tiklanuvchi energetika sohasida yetakchi kompaniyalaridan biri – «Voltalia» bosh direktori o‘rinbosari Yoni Ammar boshchiligidagi delegatsiya Buxoro shahriga keldi.

Mehmonlar Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi. Uchrashuvda ta’kidlanganidek, “Voltalia” kompaniyasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish inshootlarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish sohasida katta tajribaga ega. Ayni paytda kompaniya dunyoning 20 ta davlatida umumiy qiymati 10 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.

Ma’lumki, Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil noyabr oyida Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida qator strategik kelishuvlar imzolangan edi. Ushbu kelishuvlarga muvofiq, “Voltalia” kompaniyasi Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida umumiy quvvati 400 MVt bo‘lgan gibrid elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida quriladigan gibrid stansiyaning umumiy qiymati 400 million AQSH dollarini, quvvati esa 400 MVtni tashkil etadi. Shuningdek, ikkinchi yirik energetika loyihasi ham rejalashtirilgan bo‘lib, uning umumiy bahosi 650 million AQSH dollariga teng.

Kelishuvlar uzoq muddatli strategik sheriklikni nazarda tutadi. Xususan, quyosh va shamol elektr stansiyalaridan ishlab chiqariladigan energiyani sotish muddati 25 yilga, energiyani saqlash tizimi bo‘yicha shartnomalar esa 15 yilga mo‘ljallangan. Bu shartnomalar respublika energetika tizimining barqarorligini ta’minlash, ayniqsa, iste’mol eng yuqori cho‘qqiga chiqqan davrlarda resurslarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Fransuz kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Artemisiya klasteri doirasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi O‘zbekistondagi 2,5 million aholining iste’mol qilayotgan energiya ehtiyojiga teng bo‘ladi. Bundan tashqari, mazkur “yashil” loyiha atmosferaga har yili taxminan 598 ming tonna karbonat angidrid (CO₂) chiqarilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Rejaga ko‘ra, quyosh energiyasi stansiyasi va energiyani saqlash ombori qurilishi 2026-yilning birinchi choragida, shamol elektr stansiyasi qurilishi esa kelgusi yilning uchinchi choragida boshlanadi.

Uchrashuvda loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri