Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ijduvonda “Huquqiy maslahatlar kuni” o‘tkazildi
13:40 / 2021-04-23

"Yuksalish" umummilliy harakati Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan viloyat Adliya boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi viloyat hududiy boshqarmalari ko‘magida G‘ijduvon tumanida "Huquqiy maslahatlar kuni" aksiyasi tashkil etildi.

Dastlab mutaxassislar tomonidan aholiga bugungi kunda ehtiyoj yuqori bo‘lgan muhim masala imtiyozli uy-joy sotib olish, imtiyozli kredit, ijtimoiy yordam pullari va shu kabi masalalar xususida umumiy tushunchalar berildi.  

Huquqiy maslahatlar har bir murojaatchi uchun individual yondashgan holda tashkil qilindi. Ayrim masalalar joyida bartaraf etilgan bo‘lsa, qolganlari bo‘yicha huquqiy maslahat, yo‘nalish va tavsiyalar berildi.

Aksiyada tumanning “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan yuzdan ortiq fuqarosiga maslahatlar berildi. Shuningdek, 21 nafar tadbirkorlik sub’ekti ham qatnashdi.

Aksiya doirasida tadbirkorlik faoliyati yo‘nalishida 30 ta, oilaviy nizolar bo‘yicha 12 ta, merosni taqsimlash va rasmiylashtirishga doir 4 ta, yer ajratish 2 ta, uy-joy olish 23 ta, ishga joylashish va qo‘shimcha daromad topish bo‘yicha 7 ta, fuqarolik pasportini tiklash, xotin-qizlar va kam ta’minlanganlar uchun imtiyozlar, kasb-hunarga o‘qish, farzandlarining o‘qishi bo‘yicha imtiyozlar, meros huquqi, ishonchnoma rasmiylashtirish, mulkka egalik qilish va boshqa shu kabi turli yo‘nalishlardagi savol va murojaatlar yuzasidan maslahatlar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA