FOTOREPORTAJ
Bugungi kunda har bir xonadonni yorug‘lik, har bir oila va tadbirkorni me’yor darajasidagi elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Jarayonda mavjud elektr tarmoqlarini yangilash, eskirgan simyog‘ochlar o‘rniga mustahkam temir beton tayanchlar o‘rnatish, transformator punktlarini ko‘rikdan o‘tkazish, ularning quvvatlarini oshirish ishlari bajarilmoqda. Shu bilan birga yangi elektr tarmoqlari tortilib, elektr energiyasini yetkazib berish sifati yaxshilanmoqda.
Bu borada Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida ham qator amaliy ishlar qilindi. Tumanda manzilli dasturlar asosida 1200 dan ortiq temir beton tayanch rostlanib, 53 ming 200 metr uzunlikdagi yangi elektr uzatish tarmoqlari qurildi va 14 dona transformator punkti o‘rnatildi. Shuningdek, kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida 96 ta transformator punkti va 347 ming 800 metr havo elektr uzatish tarmog‘i mukammal ta’mirlandi.
[gallery-25664]
Hozirda Qo‘rg‘on turizm mahallasida modernizatsiya va yangilash ishlari olib borilmoqda. Buning uchun hududga 7 ming metr uzunlikdagi yer osti kabel tarmog‘i yotqizilmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA