French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ijduvon yangi qiyofaga kirmoqda
12:04 / 2026-02-11

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 1 apreldagi “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman(shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz bo‘ylab 16 ta shahar va tumanni kompleks rivojlantirish belgilanib, ularda ijtimoiy-iqtisodiy, muhandislik-kommunikatsiya, transport, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutildi.

Mazkur hududlar qatorida tadbirkorlar va hunarmandlar yurti sifatida nom qozongan, boy tarixiy va madaniy merosga ega Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani ham bor. Qaror ijrosini ta’minlash doirasida tumanda 30 dan ortiq yirik va o‘rta loyihalar shakllantirilib, ayni paytda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

Xususan, G‘ijduvon tumanida Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi bilan uyg‘un holda “G‘ijduvon qo‘rg‘oni”ni qayta tiklash orqali qadimiy va hamisha navqiron Buxoroning ajralmas qismi sifatida ochiq osmon ostidagi muzey-majmua barpo etishga alohida e’tibor qaratildi. Aniqrog‘i, “Qo‘rg‘on” va “Chorsu” mahalla fuqarolar yig‘inlari negizida turizm mahallasini tashkil etish bo‘yicha ishlar keyingi yillarda izchillik bilan amalga oshirilib, milliy an’analar, tarixiy me’morchilik uslublari va zamonaviy infratuzilma uyg‘unligini ta’minlovchi maxsus loyiha ishlab chiqildi.

Tumanning turistik salohiyatini oshirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xizmatlar sohasini rivojlantirish hamda mahalliy aholi bandligini ta’minlash maqsadida “Qo‘rg‘on” turizm mahallasida keng ko‘lamli bunyodkorlik, rekonstruksiya va restavratsiya ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar sifatli va belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlash, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida viloyat turizm boshqarmasi tomonidan tuman hokimligi hamda tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda doimiy monitoring va o‘rganish ishlari tashkil etilgan.

Bugungi kunga kelib, mahallada gaz ta’minoti, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya kabi asosiy muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari to‘liq yangilanib, ichki ko‘chalarga tosh yotqizish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Qadimiy darvozalar qayta tiklanib, ularda yakuniy pardozlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, qadimiy devorlar, hunarmandchilik markazi va savdo-turizm infratuzilmasi ob’ektlari rekonstruksiya qilinib, qurilish ishlari o‘z nihoyasiga yetkazilmoqda.

Ayni paytda xalqaro ekspertlar hamda O‘zbekistondagi Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti boshchiligida XIX asrga oid “Bozori qaymoq”, “Boloyi qassobon”, “Boborahimboy” masjidlari, shuningdek XVI asrga mansub “Eski tosh hammom” kabi noyob tarixiy obidalardagi ta’mirlash, restavratsiya va tiklash ishlari to‘liq yakunlanib, ular mahalliy aholi hamda xorijiy sayyohlar tashrifi uchun tayyor holatga keltirildi.

Yangi loyihalar G‘ijduvon tumanining turistik jozibadorligini  oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirish hamda hudud iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Eng muhimi, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish va taraqqiyot jarayonlari tuman aholisining ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, tinch va osoyishta hayot, farovon turmush uchun shukronalik tuyg‘ularini yanada kuchaytirmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri