Prezidentimizning “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tumanlarda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur qarorga ko‘ra, yurtimizning 16 ta shahar va tumani kompleks rivojlantiriladi. Ushbu hududlar orasida Buxoroning tadbirkorlar va hunarmandlar yurti sanalgan G‘ijduvon tumani ham bor.
Buxoro vohasida yaqin yillardagi tumanlar miqyosida olib borilgan o‘zgarishlar va amalga oshirilgan keng ko‘lamli yangilanishlar haqida so‘z yuritganda G‘ijduvon ko‘z o‘ngimizga keladi. G‘ijduvonning umumiy yer maydoni 39,95 ming kvadrat kilometrni tashkil etib, tumanda 315 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Qisqa muddatlar oralig‘ida tuman markazi hamda uning olis mahalla va qishloqlari davlat rahbarining tashabbusi bilan me’moriy qiyofasida ijobiy burilish yasaldi.
Tuman hokimligi tashabbusi bilan tuman faollari va tadbirkor hamda ishbilarmonlar ishtirokida yangi loyihalarning taqdimoti ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
– Hozirda, bunyodkorliklar har bir jabhani qamrab oldi. Bular sog‘liqni saqlash, turizm, ishlab chiqarish, mahallalar kesimidagi obodliklar barchasi aholi farovon turmush tarzi uchun xizmat qilishi ko‘zda tutilgan, – deydi tuman hokimi Sherzod Ashurov. – Tumanda yuqori iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi ijtimoiy va infratuzilma loyihalari uchun 2025 yilda davlat byudjetida nazarda tutilgan mablag‘larni sarflanishi bo‘yicha loyiha qiymati 70,0 milliard so‘m bo‘lgan 9 ta tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.
[gallery-22819]
Jumladan, “Saidkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi “Zarafshon” daryosining sohil bo‘yi qismini obodonlashtirib, savdo-servis loyihalarini amalga oshirish uchun zarur infratuzilma bilan ta’minlash uchun 7,3 milliard so‘m, “A.G‘ijduvoniy” va “Yu.Hamadoniy” ko‘chalarining jami 3,7 kilometr hamda “F.Eshpo‘latov” ko‘chasidagi bir tomonlama yo‘lning foydalanilmayotgan olti kilometr qismni tunda yurituvchi gastronomik, savdo-servis va turizm ko‘chalariga aylantirish uchun 8,0 milliard so‘m, “Sardor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Nurafshon” madaniyat va istirohat bog‘ida aholiga dam olish va sayr qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish uchun 10,8 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
“Todon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tgan M-37 xalqaro avtomobil yo‘li bo‘yidagi 1,7 gektar maydonda yo‘l bo‘yi xizmat ko‘rsatishga 564,5 million so‘m, “Qo‘rg‘on” turizm mahallasining qadimiy qiyofasini tiklash uchun 33,3 milliard so‘m, “Baraka” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 29 gektar yer maydonida “Oltinsoy” ekoturistlik maskanlarini tashkil qilish uchun esa 1,45 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
“Denov” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Yangi O‘zbekiston” bog‘i tashkil etiladi va bunga besh milliard so‘m ajratiladi. “Denov” mahallasi hududida 20 gektar yer maydonida tashkil etilgan sanoat va yirik xizmat ko‘rsatish zonasini yashil energiyaga ixtisoslashgan, yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqarish va zamonaviy xizmat ko‘rsatish loyihalarini joylashtirish maqsadida zarur infratuzilma bilan ta’minlash uchun 2,8 milliard so‘m mablag‘lar yo‘naltirilishi belgilangan.
Ayni kunda G‘ijduvonda amaldagi islohotlar odamlar ongida ulkan o‘zgarish yasab, aholi farovonligini oshirish bilan birga ularni o‘z hayotidan mamnunligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.