Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ijduvon tumanida o‘quv-amaliy seminar
11:50 / 2025-11-22

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Kalon Majid” fermer xo‘jaligi dalasida bog‘ va tokzorlar qator oralaridan samarali foydalanish bo‘yicha Navoiy hamda Buxoro viloyatlari agrokompleks xodimlari ishtirokida mintaqaviy ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminar trening bo‘lib o‘tdi.

Maqsad kech kuzgi agrotexnik tadbirlar, bog‘-tokzorlarni kengaytirish, sara navli mevali daraxt va buta ko‘chatlarini o‘tqazib parvarishlash, melioratsiya, tuproq unumdorligi ishlarini to‘g‘ri olib borish, shuningdek, bog‘-tokzorlar qator oralarida mavsumiy “to‘qsonbosti” uslubida sabzavot mahsulotlari ekib yetishtirishni jadallashtirish, ekin yeridan samarali foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga qaratilgan.

Tadbirda Navoiy va Buxoro viloyatlari qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari, tumanlar hokimlari va ularning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari, agroklasterlar vakillari, agronomlar, agroinspeksiya, o‘simliklar karantini va himoyasiga oid mas’ullar, fermerlar ishtirok etdi.

Ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminarda respublika Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining boshqarma boshlig‘i Dilshod Anorboyev, respublika Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bog‘dorchilik bo‘limi boshlig‘i Abror Jo‘rayev, respublika Fermerlar kengashi raisining o‘rinbosari Komiljon Sobirov, Buxoro viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Askar Javodov va boshqalar so‘zga chiqib, har ikki viloyatdan qatnashgan fermer xo‘jaliklari, tomorqa yer egalariga ekin yerlaridan unumli foydalanish, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda Buxoro viloyatida 3150 gektar yerda 3 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, parvarishlanmoqda. Shuningdek, dala chetlari, ariq-kanallar, kollektorlar atrofida 1 million tup atrofida daraxt va butalar o‘tqazilib, parvarish qilinmoqda. Umuman, 2025-2026 yil kuz-qish va erta bahor mavsumida viloyat tumanlarida 1 ming gektar yerda bog‘-tokzor va 1500 gektar yerda esa intensiv usulda bog‘ barpo etish rejalashtirilgan.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.