Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan ko‘chat ekish, daraxt o‘tqazish, ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida ham uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Ko‘chat o‘tqazib bog‘ yaratish, tabiat va atrof-muhitni asrab-avaylash, ekologiya tozaligiga hissa qo‘shishdek xayrli maqsad ko‘zlangan umummilliy harakatga binoan ayni kunda tuman hokimligi, Xalq qabulxonasi, sektor rahbarlari, hududdagi korxona va tashkilotlar joylarda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida faol qatnashmoqda.

Tumandagi 75 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 150 ming tupdan ziyod manzarali archa, qayrag‘och, qarag‘ay, akatsiya, yana 300 ming tupdan oshiq terak, tol va tok ko‘chat va qalamchalari, 10 ta mahallada 3 ming tupga yaqin tut va jiyda ko‘chatlari o‘tqazilib, parvarishi boshlangan. Birgina Baraka mahallasida katta qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylangan “Yangi O‘zbekiston” massivini ko‘kalamzorlashtirish maqsadida jami loyihalashtirilgan bino va inshootlar atrofidagi ko‘kalamzorlashtiriladigan 19 gektar yerga 20 ming tupga yaqin archa, olma, anor, olcha, shaftoli, o‘rik, gilos, olxo‘ri, bodom, jiyda ko‘chatlari o‘tqazildi. Ayni kunda bu ko‘chatlar agrotexnik talablarga muvofiq parvarishlanmoqda.
Hozirda “Yangi O‘zbekiston” massivida pudrat korxonalari binokorlari tomonidan 129 ta bir pod’ezdli 5 qavatli, jami 2 ming 580 ta energotejamkor uy qurilishi jadal sur’atda borayotgan bo‘lsa, bu inshootlar atrofida “Yashil makon” umummilliy loyihasida qatnashayotgan faollar va ko‘ngilli yoshlar tomonidan massivda yana 3 ming tupga yaqin manzarali va mevali ko‘chatlar o‘tqazilmoqda.


Shuningdek, G‘ijduvon tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ishchi xodimlari hamda “Havzak” mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriyati ishtirokida hududda faoliyat olib borayotgan “G‘ijduvon-Ahror” korxonasi dala chetlariga tut va tok ko‘chatlari o‘tqazish ishlari bajarildi. Bu yerda 500 tup mevali va 500 tup uzum ko‘chati o‘tqazilib, parvarishi uchun mas’ullar biriktirildi. Shu bilan birga, ko‘chat o‘tqazishda qatnashganlarning har biriga 50 tup mevali va 10 tupdan tok-uzum ko‘chati o‘z hovli-joylariga eltib qurish uchun tarqatilgan.
–“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida belgilangan ishlarni jadallashtirish to‘g‘risida mavsum oldidan hududdagi Sarmijon, Guliston, G‘ovshun, Ulfatbibi, Paxtaobod, Zarangari kabi 13 ta ma’muriy hududda mutaxassislar ishirokidagi ko‘rgazmali seminarlarni tashkil etib, xo‘jaliklarga zarur tavsiya va topshiriqlar berilgan, – deydi tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F. Jabborov. – Bu borada ayni paytda “Kalon masjid”, “Abdusalom Sattor saxovati”, “Ramazon Soliyev-Sardor”, “Mahmud bobo-2000”, “Qobil Esan Mustafo”, “Avaz Ismatov zamini” kabi fermer xo‘jaliklarida tut va tok ko‘chatlarini o‘tqazish, dala atroflarini ko‘kalamzorlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Tumanda erta bahor ko‘chat o‘tqazish mavsumi doirasida umumiy miqdorda 645 ming tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish chora-tadbiri ko‘rilib, bu boradagi ishlar hozirda qizg‘in davom ettirilmoqda. Mahalla va xo‘jaliklarni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 300 ming tupdan ortiq ko‘chat o‘tqazilgan. Bu muhim tadbirda bevosita faollik ko‘rsatayotgan tuman O‘rmon xo‘jaligi jamoasi tomonidan 150 ming tup archa va sadaqayrag‘och, 100 ming tup atrofida akatsiya va qayrag‘och daraxt ko‘chatlari zaxirasi yaratilib, shu kunlarda manzilli yetkazib berilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA