Buxoro viloyati Shofirkon tumani “G‘ulomte” mahallasida Muhsin Umarov o‘ziga qarashli 40 sotixli yer maydonida “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan ajratilgan 600 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i evaziga to‘rt yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Xususan, mazkur hududda turli to‘y va marosimlarni o‘tkazish uchun zamonaviy sharoitlarga ega tantanalar majmuasi barpo etilgan. Shuningdek, bu yerda 50 o‘rinli oilaviy bog‘cha faoliyat yuritmoqda. Muassasa uchun “Xalq banki” tomonidan 50 million so‘m imtiyozli kredit ajratilib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Hozirda bog‘chada 6 nafar xodim doimiy ish bilan ta’minlangan.

Mahalladagi hokim yordamchisi ko‘magida ajratilgan 33 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i hisobiga avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirda bu faoliyat orqali yosh mutaxassislar o‘z tengdoshlariga xizmat ko‘rsatib, har biri o‘rtacha 5-6 million so‘m daromad topmoqda. Bu yo‘nalish mahallada yoshlar bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ilgari o‘z xonadonida tikuvchilik bilan shug‘ullanib kelgan Gulbar Rahmatova va Muattar Rashidova hokim yordamchisi tashabbusi bilan tikuvchilik sexini tashkil qildi. Tikuvchilik mahsulotlari mahalliy bozorlarda xaridorgir bo‘lib, kelgusida sex faoliyatini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Umuman, mazkur kompleksdagi tadbirkorlik loyihalari natijasida nafaqat aholining bandligi ta’minlandi, balki “G‘ijduvon tajribasi”ning samarali joriy etilishi orqali barqaror daromad manbalari ham yaratildi. Bu o‘z navbatida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga zamin bo‘lmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.