Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“G‘ijduvon tajribasi” o‘z samarasini bermoqda
18:09 / 2024-09-21

Prezidentimiz raisligida kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ko‘plab dolzarb vazifalar va ularni amalga oshirish yuzasida choralar haqida so‘z bordi. Buxoroda ham bu borada aholi daromadlarini oshirish orqali kambag‘allikni keskin qisqartirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda yaratilgan imkoniyatlar natijasida Buxorodagi 544 ta mahallada aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, fuqarolar hamda haqiqatda ijtimoiy yordam olmayotgan kambag‘allarni aniqlash bo‘yicha xatlov amalga oshirilib, jami 50232 ta oilalardagi 215 ming nafar aholi ro‘yxati shakllantirildi. Shundan 1-2-toifadagi 23 521 nafar yashash sharoiti yaxshilanayotgan oilalarga tez samara beradigan yo‘nalishlarni, ishga joylashtirish, kichik ishlab chiqarish uskunalar, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida imtiyozli kredit, subsidiya resurslaridan foydalanib, daromadini oshirishga kirishildi.  

3-4-5-toifalardagi 26 711 ta kambag‘al oilalarning 36 688 ta  muammo va takliflari asosida ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha aniq rejalar shakllantirildi. Ushbu tashabbus sabab aholining 3222 nafarini kasanachilikka, 9079 ta fuqarolarga 206,4 milliard so‘mlik imtiyozli kredit berish hisobidan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, 2533 ta kambag‘al oilaga yer ajratish maqsad qilingan. Eng muhimi, Davlatimiz rahbari qo‘ygan talab asosida bugun “G‘ijduvon tajribasi”ni ommalashtirish ham hududlar rivojida katta ahamiyat kasb etmoqda.

[gallery-19388]

– Hozirda, “G‘ijduvon tajribasi” bo‘yicha aniq rejalar belgilangan, –deydi G‘ijduvon tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Toshpo‘lat Mardonov. – Rejaga asosan tumanda 20 ta mahallada “G‘ijduvon tajribasi” asosida sanoatni vertikaliga o‘stirish va shu asosda aholini kambag‘allikdan chiqarish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha rejalarni belgilab oldik. O‘zimga ham mana 5 ta oila biriktirildi. Shuningdek, bu oilalar bilan ishlash tizimi ham yaratildi. Maqsad mahallalarda kambag‘allikni qisqartirishdan iborat.

Shu vaqtga qadar ishsiz bo‘lgan, Dilnavoz Saidova bugun 100 ta ishchi o‘rni yaratgan tadbirkorga aylandi. U endilikda yanada katta maqsadlar sari harakat qilmoqda.  

– Meni “Ayollar daftari”ga kiritishgan edi, – deydi  tadbirkor Dilnavoz Saidova. – Bugun mehnatim va davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi natijasida 100 nafar ishsiz ayollarni ish bilan ta’minladim. Kelajakda berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib yana 100 dan ziyod xotin-qizni ishla bilan ta’minlashni niyat qilganman.  

Davlatimiz rahbari boshlab bergan tamoyil asosida Buxoroda sektor rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shahar va tumanlar hokimlari, iqtisodiy, ijtimoiy va qishloq va suv xo‘jaligi tizimidagi 1107 nafar  mas’ullarga 5434 nafar kambag‘al biriktirildi. Bu bilan viloyatda yil yakuniga qadar kambag‘allikni 5 foizgacha qisqartirish hamda ishsizlikdan holi hududga aylantirish bo‘yicha barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinmoqda.

“G‘ijduvon tajribasi” faqat shu tumanda emas, balki butun viloyat bo‘yicha keng tatbiq qilinmoqda. Ahamiyatli tomoni, endilikda hududlarda tashkil etilgan kichik sanoat zonalarida mahallalar drayveridan kelib chiqib, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilishi ham aholi bandligini ta’minlashda muhim omili bo‘lmoqda.  

– Mahallamizdagi 300 dan ortiq xonadonlar mebelsozlik bilan shug‘ullanib kelmoqda, – deydi Jondor tumani hokimining “Oxshix” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Kamoliddin Kozimov. – O‘tgan yili mazkur Prezident farmoni asosida 1 milliard 100 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Zamonaviy asbob-uskunalar olib kelindi. Natijada korxonada yangi ish o‘rni yaratildi. Korxonaning yillik tovar aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshdi. Undan tashqari hududda mebelsozlikni rivojlantirish uchun bo‘sh turgan 8 gektar yer maydonida 14 ta lot asosida kichik sanoat zonasi tashkil etildi. bugungi kunda qurilishlar yakunlandi. Tadbirkorlar asbob-uskunalarni olib kelib joylashtirmoqda. Kichik sanoat zonasi ishga tushishi bilan 300 ta ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbarining Buxoroga tashrifi chog‘ida Jondordagi Ushot mahallasini hunarmandlar mahallasi sifatida e’tirof etilishi ham hudud imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Ishsizlikdan holi hududga aylangan bu mahalla tom ma’noda oilalar farovonligi uchun ham namuna bo‘lmoqda.

Bugun Buxoroda “G‘ijduvon tajribasi” ayollar, yoshlar bandiligini ta’minlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish uchun esa yetarli imkoniyatlar mavjud.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.