Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
G‘ijduvon tajribasi amalda
15:38 / 2023-04-14

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida bir qator topshiriqlar berilgan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov G‘ijduvon tumani hokimligi binosida tuman hokimi Sherzod Ashurov, tuman Yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari, malakali psixologlar bilan birgalikda mahallalardagi nogironligi bo‘lgan yoshlar bilan uchrashdi.

Tadbirda ishga joylashish, tibbiy xizmatdan foydalanish, ta’lim olish, ish yuritish maqsadida texnik jihozlar bilan ta’minlash kabi masalalarda ko‘mak istab kelgan, ijtimoiy ehtiyojmand, davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan yoshlarning muammo va takliflari  tinglandi. Tegishli mutasaddi tashkilot rahbarlariga takliflar kiritildi. Har bir yosh bilan suhbat jarayonida hayot yo‘lini topishi uchun maslahatlar berildi. Chet tillarini, zamonaviy bilimlarni egallashlari uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatildi.  

Qolaversa, 2 nafar nogironligi bor yoshlarning istiqomat qiladigan manzillariga borib, ular bilan astoydil suhbatlashildi. E’tibor ramzi sifatida kitoblar tuhfa etildi.  

–Qizim tug‘ma nogiron, – deydi S.N ning onasi A.S. xursandchiligini izhor qilib. – Eshitmaydi va gapira olmaydi. Bugun bu uchrashuvda qizim uchun yordam so‘rab keldim. Uyda ayollar sartaroshxonasi ochishni niyat qildik. Qizim bu hunarni o‘rgangan. Sartaroshxona faoliyati uchun kerakli jihozlar olish uchun moddiy yordamga ehtiyojimiz bor. Bu borada albatta yordam berilishini aytishdi. Ijobiy hal bo‘layotganidan xursandman.  

Darhaqiqat, ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlar bilan ishlash ularga yetarli sharoit yaratib berish, ayniqsa, jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lgan imkoniyati cheklangan insonlarning o‘zlaridan ham ma’lum sohalarda yetuk kadr bo‘lib yetishishiga, faoliyat yuritishiga ko‘mak berish Yangi O‘zbekiston oldidagi bugunning eng muhim vazifalaridan biridir.  

Zarif Komilov, O‘zA