Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Obod” mahalla fuqarolar yig‘inida duradgorlik bilan shug‘ullanayotgan oilalarning aksariyati endilikda bozorni o‘rganib, aholi talab va takliflaridan kelib chiqqan holda mebelchilikni rivojlantirmoqda.
Qumoq qishlog‘ida ham yakka tartibda mebel yasash va ta’mirlash bilan shug‘ullanayotgan oilalar safi kengaymoqda.
Jalol Nurboyev rahbarligidagi “Fayzli mebellar saltanati” xususiy korxonasida mehnat qilayotgan 5 nafar usta qo‘lidan sayqal topib chiqayotgan stol-stul, oshxona, mehmonxona yumshoq va qattiq mebel jihozlari tayyorlash jarayonini ko‘zdan kechirdik. Aytish joizki, 2016 yil faoliyatini boshlagan sexning bugunga kelib yillik mahsulot ishlab chiqarish aylanmasi 789 million so‘mni tashkil etmoqda.
Xuddi shunday mahalladagi Dilshod Bozorov, Farmon Istamov, Bo‘ston Ahmadov singari yakka tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan ustalar o‘z uylari, alohida barpo etgan sexlarida mebelsozlik bilan shug‘ullanib, nafaqat o‘z oilalari, balki shogirdlari, o‘ndan ortiq xonadon vakillarini ish bilan band etib, ular moddiy manfaatdorligini ta’minlamoqda.
Tumanning “Buktaroy” mahalla fuqarolar yig‘inida ham aholining ixtisoslashuvi, ya’ni keng tarqalgan tirikchilik manbai hunarmandchilik bo‘lib, eshik-deraza va shu kabi jihozlar yasalmoqda. Qolaversa, hududda “Billur plast” MCHJ tomonidan gaz filtrlarini ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 2017 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan korxonada 6 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Bu sexning yillik mahsulot ishlab chiqarish aylanmasi esa 540 million so‘mni tashkil etmoqda.

“Sarmijon” mahalla fuqarolar yig‘ini Qo‘rg‘on qishlog‘ida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Elyor Ochilov qo‘li ostidagi “Sharifjon mebellari” hamda “Gulistonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini Rabotipoyon qishlog‘ida joylashgan “Ortiq Dilnavoz” MCHJning tikuvchilik sexi bugun hududda o‘zining mahsulotlari bilan xaridorgir.
–Faoliyatimizni 2020 yildan boshlaganmiz, –deydi korxona rahbari tadbirkor Elyor Ochilov. – Kichik korxonamizning yillik aylanmasini 341 million so‘mga yetkazdik. O‘ndan ortiq ishchi-mutaxassis mehnat qilmoqda. Korxonamizni yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlarni amalga oshiryapmiz.
Tadbirkor sexda yasab chiqarilayotgan stol-stullari tepasiga gul bosish tajribasini vodiy viloyatlaridagi hamkasblari uslubida o‘zlashtirishga kirishgan. Andijon va Farg‘ona viloyatlaridan buyurtma asosida maxsus texnologiya xarid qilish chorasini ko‘rmoqda.
Ma’lumot uchun: viloyatda mavjud zaxiralarni aniqlash natijasida 2024 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan hududiy dastur shakllantirilgan. Dasturga muvofiq, qiymati 13,2 trillion so‘mlik 823 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri