“Gidroproyekt” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganiga 90 yil to‘lishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis palatalari a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari, hamkor xorijiy tashkilotlar vakillari, “O‘zbekgidroenergo” AJ xodimlari ishtirok etgan tadbirda “Gidroproyekt” AJning o‘rni, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim o‘rin tutgan energetika, xususan, gidroenergetika ob’ektlarini har tomonlama puxta va sifatli tarzda loyihalashtirishdagi ahamiyati haqida so‘z bordi.
Tadbirda mamlakatimiz gidroenergetika sohasi taraqqiyotida “Gidroproyekt” AJning muhim o‘rni borligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, 1931 yil mart oyida O‘rta Osiyo respublikalarining elektrifikatsiya bosh rejasi qabul qilinishi “Gidroproyekt” institutining tashkil etilishiga turtki bo‘lgan.
Hozirgi kunda ushbu ilmiy muassasa uzoq yillar mobaynida nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo va xorijiy mamlakatlar uchun muhim gidroenergetik loyihalarni amalga oshirdi. Gidrotexnik loyihalashtirish va qurish, gidroenergetik, gidrotexnik ob’ektlarni kompleks loyihalashtirish, yuqori xavfli ob’ektlar va potensial xavfli sanoat tarmoqlarida loyiha-qidiruv va tajriba-laborator ishlari tajribali va malakali mutaxassislar tomonidan bajarildi.
- Shuni alohida aytish joizki, "Gidroproyekt” AJ O‘zbekiston Respublikasining gidrotexnika va gidroenergetika inshootlarini loyihalash, ularning qurilishini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi bosh tashkilot hisoblanadi, - dedi "Gidroproyekt” AJ bosh direktori Alibek Ahmedov.
- Tashkilotimizning asosiy faoliyati gidrotexnik loyihalashtirish va qurish, gidroenergetik, gidrotexnik ob’ektlarni kompleks loyihalashtirish, yuqori xavfli ob’ektlar va potensial xavfli sanoat tarmoqlarida loyiha-qidiruv va tajriba-laborator ishlarini kompleks amalga oshirishdan iborat.
[gallery-4821]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 maydagi "O‘zbekgidroenergo"aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmoni asosida “Gidroproyekt” AJ “O‘zbekgidroenergo” AJning tashkiliy tuzilmasi tarkibiga kirdi va samarali faoliyat yuritmoqda.
- Ushbu tashkilotning mamlakatimiz iqtisodiyotida munosib o‘rni bor. Gidroenergetika sohasidagi barcha loyihalar ushbu muassasa tomonidan tayyorlanmoqda. Toshkent davlat texnika universiteti ham bu ilmiy muassasa bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda, -dedi Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov.
Tantanali tadbirda “Gidroproyekt” AJning 90 yillik yubileyiga bag‘ishlangan maxsus jurnal hamda logotip rebrendingi taqdimoti, tashkilot faoliyatini o‘zida aks ettirgan korporativ uslub va videoroliklar taqdim etildi. Jumladan, 2021 yil 13-14 noyabr kunlari “Gidroproyekt” AJ xodimlari tomonidan olis “Kungurbuk” cho‘qqisining zabt etilganligi haqidagi videorolik namoyish qilindi.
“Gidroproyekt” AJ rasmiy veb-saytining yangi versiyasi va institutning 90 yilligiga bag‘ishlangan veb-sayt taqdimoti ham o‘tkazildi. Shuningdek, tadbir doirasida sohada samarali faoliyat yuritgan bir guruh xodimlar “Gidroenergetika ixtixori” ko‘krak nishoni bilan takdirlandi.
Tadbirning tantanali qismi doirasida “Gidroproyekt” AJ hamda bir qator tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Tantanali tadbir doirasida poytaxtimizdagi “Do‘stlik” istirohat bog‘ida “Gidroenergetiklar xiyoboni”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA