O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov Namangan viloyatida bo‘lib, fermerlar va tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan uchrashdi. Xususan, Pop tumanida yaqinda ish boshlagan "Zamin Gren - World" jamiyatining zamonaviy issiqxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur zamonaviy issiqxona 8 gektar yer maydonida tashkil qilingan bo‘lib, loyiha qiymati 62,9 mlrd. so‘mni tashkil qiladi. Gidroponika usulida tashkil qilingan issiqxonada parvarishlanayotgan pomidorning gektaridan 250 tonnadan mahsulot yetishtirilishi ko‘zda tutilgan. Shunda issiqxonaning jami yillik quvvati 3500 tonnani yoki 10,5 million dollarni tashkil etadi.

Yetishtirilgan mahsulotning 100 foizi Rossiya va Yevropa davlatlariga eksport qilinishi rejalashtirilgan. Hozirda ushbu korxonada 100 nafarga yaqin doimiy, 100 nafari mavsumiy ishchi mehnat qilmoqda.
A. Xaitov mazkur klaster tarmog‘ida tashkil qilingan chorvachilik kompleksida bajarilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. Bu yerda hozirda Fransiya davlatidan olib kelingan 155 bosh naslli qoramollar parvarishlanmoqda. Korxona yiliga 17,5 milliard so‘mlik sut va 650 milliard so‘mlik go‘sht mahsulotini mahalliy bozorga yo‘naltirmoqda.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi muloqot davomida issiqxonachilik va chorvachilikni rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar, berilgan imtiyozlar va imkoniyatlar haqida so‘zlab, eksportni kengaytirish borasida o‘z takliflarini bildirdi.
O‘zA