Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gidrometeorologiya stansiyasiga press-tur uyushtirildi
21:48 / 2021-11-27

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi 26 noyabr kuni ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Toshkent viloyati G-1 Angren gidrometeorologiya stansiyasiga press-tur tashkil qildi.

Toshkent viloyati gidrometeorologiya boshqarmasiga qarashli G-1 Angren gidrometeorologiya stansiyasi hududida yangi zamonaviy bino qurilish ishlari tugatilib, foydalanishga topshirilgan. Jurnalistlar hududdagi mazkur qurilish ob’ektlari va u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.  

Press-tur davomida G-1 Angren gidrometeorologiya stansiyasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, ushbu stansiya 1971 yilda ochilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda meteorologiya, gidrologiya, agrometeorologiya va havo hamda suv ifloslanish kuzatuv ishlarini olib bormoqda.

Stansiyada 10 ta gidropost va 3 ta atmosfera havosi hamda suv ifloslanish kuzatuv postlari mavjud. Shu bilan birga u yerda 33 xodim ish olib borayotgani, ularning ish jarayoni press-tur ishtirokchilarining nigohida bo‘ldi.

– O‘zgidromet markazi va uning hududiy gidrometeoroliya boshqarmalarida to‘liq tizimli faoliyat olib borayotgan xodimlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida bosqichma-bosqich rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021 yilga mo‘ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish davlat dasturi ijrosida jami 30 ta ob’ekt qurilishi belgilangan. Biz press-tur uyushtirayotgan Angren gidrometeorologiya stansiyasi ham ana shulardan biri, – deydi O‘zgidromet moddiy-texnik ta’minot boshqarmasi rahbari Narzullayev Azimjon.    

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yili avtomatik meteorologik stansiyasi o‘rnatilib, hozirgi kunda ushbu uskuna bo‘yicha kuzatuv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4896-son qarori bilan tasdiqlangan dastur ijrosini ta’minlash maqsadida, xalqaro loyihalarning grant mablag‘lari doirasida 50 dona avtomatik meteostansiyalar xarid qilinib, hududlarga o‘rnatilgan. Toshkent viloyatiga esa 14 dona avtomatik meteostansiyalar o‘rnatilgani ta’kidlab o‘tildi.    

Meteorologik kuzatuvlar tarmog‘i bo‘limi yetakchi muhandisi Odilov Hojiakbarning so‘zlariga ko‘ra, barcha sohalarda bo‘lgani kabi gidrometeorologiya sohasida ham innovatsion g‘oyalarni tatbiq qilish va raqamlashtirish chora-tadbirlari olib borilmoqda. U bunga yangi o‘rnatilgan avtomatik meteostansiyalarni misol qilib ko‘rsatdi.  

– Avtomatik meteostansiyalar bir qancha parametrlar bo‘yicha ya’ni havo harorati va namligi, atmosfera bosimi, shamol yo‘nalishi va tezligi, quyosh radiatsiyasi, yog‘ingarchiliklar miqdori kabi yo‘nalishlarda kuzatish ishlarini avtomatik tarzda olib boradi. Ma’lumotlar har 10 daqiqa oralig‘ida O‘zgidromet serveriga kelib tushishini qo‘shimcha qilmoqchiman, – deya ta’kidladi yetakchi muhandis H.Odilov.

Shu bilan birga avtomatik meteostansiyalar davlat boshqaruvi organlarini, xo‘jalik birlashmalarini, qator tashkilotlarni, shuningdek, fuqarolarni mavjud va kutilayotgan gidrometeorologik sharoitlar, iqlim o‘zgarishi, tabiiy muhitning ifloslanish darajasi bilan bog‘liq gidrometeorologik hodisalar yuzaga kelishi to‘g‘risida tezkor ma’lumotlar bilan ta’minlaydi. Press-turda mazkur stansiyalar ob-havo prognozlarining ishonchlilik darajasini sutkalik 92 foizdan 95 foizgacha oshirishi alohida qayd etib o‘tildi.

Jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan press-turda sohaga oid boshqa qator istiqbolli ishlar, muhim loyihalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar xususida so‘z bordi. Shu bilan Toshkent viloyati G-1 Angren gidrometeorologiya stansiyasiga press-tur muvaffaqiyatli yakunlandi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA