Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gidrometeorologik kuzatuvlar samarali olib borilyaptimi?
11:02 / 2023-07-21

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

— Mamlakatimizda gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish, xalqaro standartlarga muvofiq gidrometeorologik kuzatuvlar olib borish, kuzatuvlar va o‘lchovlarning yagona davlat tizimini shakllantirish, atrof tabiiy muhitining amaldagi va prognoz qilinayotgan holati, ifloslanishi to‘g‘risidagi axborotlar olish, gidrometeorologiya sohasida tadqiqotlarni amalga oshirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, — dedi Spiker o‘rinbosari X.G‘afforov. — Mazkur sohaga oid “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, mazkur hujjat bilan kuzatuvlar olib borish, gidrometeorologik axborotni yig‘ish, unga ishlov berish, uni tahlil qilish, saqlash va undan foydalanish, gidrometeorologik axborot davlat fondini tashkil etish masalalari batafsil tartibga solindi. O‘tgan davrda gidrometeorologik kuzatuvlar son va sifat jihatdan sezilarli darajada yaxshilandi. Aholiga kutilayotgan ob-havo sharoitlari, atrof tabiiy muhitining ifloslanish darajasi to‘g‘risidagi axborotlar, shuningdek, xavfli hodisalar to‘g‘risidagi tezkor ogohlantirishlar berib borilmoqda.  

[gallery-12844]

Yig‘ilishda qayd etilganidek, 2022 yilda 450 marta qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari, 1512 marta aerodromlar bo‘yicha ob-havo prognozlari, 9 marta xavfli meteorologik hodisalar yuzasidan shoshilinch axborotlar, 26 marta Chimyon tabiiy hudud chegarasi va Qamchiq dovoni bo‘yicha qor ko‘chki xavfi ogohlantirishlari, 71 marta atrof tabiiy muhitining ifloslanish darajasi to‘g‘risidagi axborotlar taqdim etilgan. Joylarda 117 ta meteostansiyalar mavjud bo‘lib, o‘tgan yillarda 40 ta avtomatik meteostansiyalar, shuningdek, 6 ta avtomatlashgan atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi stansiyalari o‘rnatilib, sinov tariqasida ishga tushirilgan. 

Kuzatuv tarmog‘ida 5 ta meteorologik va agrometeorologik stansiyalar, 2 ta agrometeorologik postlar hamda 2 ta qor ko‘chki stansiyalari faoliyat boshlagan. Shu bilan birga xalqaro loyihalar doirasida 2021 yilda 51 ta, 2022 yilda 12 ta hamda 2023 yilda 40 ta yangi zamonaviy avtomatlashtirilgan agro va meteostansiyalar o‘rnatilgan.  

Gidrometeorologik ma’lumotlarning yagona interaktiv data.meteo.uz ochiq portali ishga tushirilgan bo‘lib, ushbu portal orqali O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab joylashgan avtomatik meteostansiyalar ma’lumotlarini real vaqt rejimida kuzatib borish imkoni yaratilgan.  

Gidrometeorologiya faoliyatining kuzatuvlar tarmog‘i, aviatsiya, atrof tabiiy muhit monitoringi yo‘nalishlarida jahon standarti talablariga mos bo‘lgan davlat standartlari va texnik reglamentlarning 39 tasi respublikada ro‘yxatdan o‘tkazilib, foydalanishga joriy etilgan.  

Yig‘ilishda sohadagi ishlar tahlil qilinar ekan, “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning tegishli normalari vakolatli davlat organi tomonidan to‘liq ijro etilayotgani qayd etildi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA