Poytaxtimizdagi “Do‘stlik” istirohat bog‘ida “Gidroproyekt” aksiyadorlik jamiyatining tashkil etilganiga 90 yil to‘lishi munosabati bilan “Gidroenergetiklar xiyoboni” tashkil etildi.
"O‘zbekgidroenergo" AJ matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, bugun ushbu xiyobonning ochilish marosimi o‘tkazilgan.

Gidroenergetiklar xiyobonining tashkil etilishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi bilan hamohangdir.

- Gidroenergetiklar xiyoboniga “Gidroproyekt” AJ va O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamkorligida 150 tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Alohida ta’kidlash lozimki, “Gidroproyekt” AJ o‘zining 90 yillik faoliyati davomida nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyo respublikalari va boshqa davlatlarda qurilgan va modernizatsiya qilingan 100 dan ortiq GESlarni loyihalashtirgan. Hozirgi kunda 2021 yil holatiga “Gidroproyekt” AJ tomonidan umumiy o‘rnatilgan quvvati 757,0 MVt bo‘lgan 11 ta GESni loyihalash va qurilishini ta’minlash ustida ishlanmoqda, - dedi "O‘zbekgidroenergo" AJ matbuot xizmati bosh mutaxassisi H.Jo‘rayeva.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA