Mamlakatimizda gidroenergetika tarmog‘ini rivojlantirish, suv resurslaridan samarali foydalanish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, tabiiy gidrosalohiyatga boy hududlarda yangi quvvatlarni ishga tushirish, mavjud infratuzilmani takomillashtirish va aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Bugun 26-fevral kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida hududning gidroenergetik imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Unda “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov sohada amalga oshirilayotgan ishlar, joriy qurilishlar hamda kelgusida rejalashtirilgan yirik loyihalar yuzasidan taqdimot qildi.
Ma’lum qilinishicha, bir necha yil avval viloyatda gidroenergetika imkoniyatlari cheklangan bo‘lib, faqat bitta gidroelektr stansiya 30 MVt quvvat bilan faoliyat yuritgan. Keyingi yillarda amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar, jumladan, “To‘polang” suv omborining foydali hajmini sezilarli darajada oshirish orqali daryo havzasida yangi gidroenergetik ob’ektlarni barpo etish uchun mustahkam zamin yaratildi. Natijada so‘nggi to‘qqiz yil mobaynida viloyatdagi gidroenergetik quvvatlar bir necha barobarga o‘sib, umumiy ko‘rsatkich 273,4 MVtga yetdi, gidroelektr stansiyalar soni esa 13 tagacha ko‘paydi. Bu esa hududda yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini qariyb 800 million kVt.soatgacha oshirish imkonini berdi.
Taqdimotda Yuqori To‘polang havzasining gidro salohiyatidan yanada samarali foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, umumiy quvvati 80 MVt bo‘lgan uchta stansiyani o‘z ichiga olgan Kishtut gidroelektr stansiyalari kaskadi loyihasi yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi. Ayni paytda ushbu ob’ektlar bo‘yicha qurilish ishlari boshlangani qayd etildi. Davlat rahbari tomonidan mazkur kaskadni strategik ahamiyatga ega “milliy loyiha” sifatida amalga oshirish vazifasi belgilandi. Shu bilan birga, mavjud suv resurslaridan maksimal darajada foydalanish, qo‘shimcha generatsiya quvvatlarini yaratish hamda viloyatning umumiy gidroenergetik salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu loyihalarning izchil amalga oshirilishi Surxondaryo hududining energetik barqarorligini mustahkamlash, “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz elektr ta’minoti bilan qamrab olishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA