Bugun “O‘zbekgidroenergo” AJda 2025 yil yakuniga doir ijro holati va 2026 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda jamiyat boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov joriy yilda erishilgan natijalar sarhisobi va kelgusi rejalarga e’tibor qaratdi.
Qayd etilganidek, gidroenergetika sohasi O‘zbekistonning barqaror energiya ta’minoti va iqtisodiy rivojlanishida asosiy o‘rin egallaydi. “O‘zbekgidroenergo” tizimi GES va mikroGESlarning samarali faoliyati natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirish, energiya tejamkorligini ta’minlash va raqamlashtirishni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu esa nafaqat mamlakat iqtisodiyoti uchun, balki transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega.

Shu talablardan kelib chiqib, yig‘ilishda elektr energiyasini ishlab chiqarish va mahsulot tannarxini kamaytirish, energiya tejamkorligini ta’minlash, 2026 yilga mo‘ljallangan GES va suv omborlari xarajatlari smetasini tasdiqlash, soliq va kredit majburiyatlari bajarilishi kabi qator masalalar tahlil etildi.
Shuningdek, tadbirda joriy yil dekabr oyida yirik GES va mikroGES loyihalarini ishga tushirish, 2026 yil uchun davlat investitsiya dasturini shakllantirish va tender savdolarini o‘tkazish rejalari belgilandi. Loyihalarning har bir bosqichi uchun batafsil grafik-jadvallar ishlab chiqilishi va “Loyihalar fabrikasi” doirasidagi ishlar nazoratda bo‘lishi, xorijiy moliyaviy tashkilot va donorlardan grant mablag‘larini jalb etish imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarga erishish, “Green Energy” sertifikatlari realizatsiyasi, kiberxavfsizlik masalalari va sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida barcha mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA