Keyingi yillarda mamlakatimiz gidroenergetika sohasida zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlarni keng tatbiq etish choralari ko‘rilmoqda.
Bu jarayonda “O‘zbekgidroenergo” AJ va Xitoy Xalq Respublikasining “China Huaneng Group Co. Hong Kong, Ltd.” kompaniyasi mas’ullari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda bu boradagi imkoniyatlar atroflicha tahlil qilindi.
Uchrashuvda tomonlar gidroenergetika tizimini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, sun’iy intellekt va raqamli yechimlarni joriy qilish orqali ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va boshqaruv samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, ular yirik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanganidek, “China Huaneng Group” 1985 yilda tashkil etilgan va bugungi kunda dunyodagi eng yirik elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Korporatsiya tarkibiga 57 ta sho‘ba kompaniya va 1000 dan ziyod gidroelektr, issiqlik va shamol stansiyalari kiradi. Uning umumiy energiya ishlab chiqarish quvvati 270 GVtni tashkil qiladi, yillik ishlab chiqarish hajmi esa 1,1 trillion kVt.soatdan ortiq. Shuningdek, kompaniya “Fortune Global 500” reytingida dunyoning eng yirik 500 kompaniyasi orasida 256-o‘rinda turibdi.
Muzokaralar davomida “O‘zbekgidroenergo” AJ va “China Huaneng Group Co. Hong Kong, Ltd.” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasidagi natijalar atroflicha tahlil qilindi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilandi. Tomonlar bu jarayonda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va gidroenergetika ob’ektlarini samarali boshqarish masalalari ustuvor ekanini qayd etdi.
Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur hamkorlik doirasida “Aqlli GES” konsepsiyasi ham amalga oshiriladi. Bu gidroelektr stansiyalarda raqamli yechimlar va sun’iy intellektni keng qo‘llash imkonini beradi. Shuningdek, gidrotexnik inshootlar va to‘g‘onlarning xavfsizligini uzluksiz monitoring qilish, erta ogohlantirish tizimlarini joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish va barcha GESlarning faoliyatini markazlashgan dispetcherlik markazi orqali real vaqtda kuzatish kabi loyihalar rejalashtirilgan.
Tomonlar uchrashuv so‘nggida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan galdagi ishlarni belgilab oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA