Mamlakatimizda gidroenergetika sohacida qator islohotlar olib borilyapti. Ayniqsa, mikro GESlarni keng ko‘lamda qurish va gidroagregatlarni mahalliylashtirish jarayonida muhim bosqichlar boshlanmoqda.
Bu sohadagi ishlarning dastlabki natijalari o‘zaro hamkorlik va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali amalga oshirilayotgani e’tiborga molik.
Kuni kecha “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “UGE-JINLUN” zavodida olib borilayotgan qurilish va jihozlash ishlari bilan yaqindan tanishdi.

E’tiborlisi, mazkur zavodda amalga oshirilayotgan ishlarning har biri mamlakatimizda gidroenergetika sohasining kelajagiga katta ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, “O‘zbekgidroenergo” AJ Xitoyning 60 yillik tajribaga ega bo‘lgan “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlikda 40 MVt gacha bo‘lgan gidroagregatlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘ymoqda.
2023 yilda tomonlar bu loyihani amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolagan edi. Ushbu hujjatga asosan har bir loyiha uchun individual va eksklyuziv gidroagregatlar loyihalanadi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ apparat rahbari Suxrob Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, mikro GESlarni keng ko‘lamda qurish va gidroagregatlarni mahalliylashtirish borasidagi sa’y-harakatlar gidroenergetika sohasining kelajagi uchun muhim qadamdir.
– Lokalizatsiya va mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha ushbu hamkorlik doirasida O‘zbekistonda birinchi marotaba yuqori innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Mahsulotlar zamonaviy standartlarga javob beradigan sifatli va arzon narxlarda taqdim etiladi. Bu esa mamlakatimizda GES qurilishiga bo‘lgan talabni oshiradi, energiya manbalarining arzon va toza bo‘lishini ta’minlaydi. Shuningdek, ushbu loyiha orqali mamlakatimiz gidroenergetika sohasi yanada rivojlantirilib, elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi oshiriladi, – dedi S.Hamroyev.

Zavoddagi jarayon bilan tanishuv davomida ishchi yig‘ilish o‘tkazilib, qurilishning sifati va muddatlarga rioya qilish bo‘yicha zaruriy topshiriqlar berildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA