Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gidlarni tayyorlash, tungi turizm, soliq ta’tillari muammo va yechimlari tahlil qilindi
15:55 / 2019-09-16

Muhokamalarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi mas’ul xodimlari, sayyohlik firmalari rahbarlari, gidlar ishtirok etdi.


Innovatsion rivojlanish vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligidagi Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida ekskursion xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuskor ishchi guruhining takliflari muhokama qilindi. Unda, shuningdek, O‘zbekistondagi gidlar bilan bog‘liq muammolar va ularni yechish yo‘llari ham atroflicha tahlil etildi.

Muhokamalarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi mas’ul xodimlari, sayyohlik firmalari rahbarlari, gidlar ishtirok etdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Isaqulovning xabar berishicha, 2018 yili O‘zbekistonga 5,4 mln. nafar sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yil hali yakuniga yetmasidan turib bu ko‘rsatkich 35 foizga oshdi. Yil yakuniga borib mazkur ko‘rsatkich yana-da yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Bu o‘z navbatida mehmonxona, transport va boshqa infratuzilmalarga yuklamalarni oshiradi.

Tadbirda hududlar bo‘yicha differensiatsiyalangan soliq stavkalarining yuqoriligi, mehnat sharoitlari, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, sayyohlarni tashish, xavfsizlik, mehnat haqi masalalardagi mavjud muammolar ko‘rib chiqildi.

Ishchi guruh gidlarga imtiyozli soliq to‘lovchi maqomini berish va “gid” mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim muassasalari bitiruvchilariga yangi sub’ektlar sifatida 2 yillik soliq ta’tili berish taklifi bilan chiqdi.

Shuningdek, gidlarga sayyohlarni tashish xizmatini qo‘shimcha faoliyat turi sifatida kiritishga ruxsat berish taklifi ham ko‘rib chiqildi, bunda miniven bo‘lganidagina litsenziya berilishi kerakligi qayd etildi. Bunday yangi imkoniyatlar investitsiyalar jalb qilishga ko‘maklashishi ta’kidlandi.

2006 yildan beri gid sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Bellya Li sohaning hali O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan yo‘nalishini — tungi turizmni rivojlantirish lozimligi haqida so‘z yuritdi. Sayyohlikning bu turi ayniqsa, bir uchoqdan ikkinchisiga o‘tishi kerak bo‘lgan qisqa muddatli mehmonlarga ayniqsa mos keladi. Tranzit sayyohlar aeroportda 7—8 soat davomida kutib qoladilar. Mana shu fursatdan foydalanib, ularga poytaxtni tomosha qilishlari uchun sharoit yaratib berish zarurligi taklif etildi. Hozirda Toshkentda tunu kun ishlaydigan madaniy ob’ektlarning yo‘qligi sayyohlarga bunday sharoit yaratilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Xuddi shunday, umumiy ovqatlanish joylari ham kunduzi va kechasi bir xil tartibda ishlamaydi.

Uchrashuvda gidlarga ta’lim berish masalasi alohida muhokama qilindi. Bunda bozor talablarini inobatga olgan holda sayyohlik kompaniyalarini bu masalaga jalb qilish, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari kabi tadbirlarni tashkil etish lozimligi aytildi. O‘z navbatida yurtimizda gidlarni tayyorlash bo‘yicha faqat bitta muassasa – “Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash respublika markazi” mavjuddir. Hozirda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida gidlar va yo‘l ko‘rsatuvchilarga malaka sertifikatlarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqilmoqda. Ekskursovodlik bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalarning mavjud emasligini inobatga olib, ularni o‘zbek tilida ham yaratish lozimligi qayd etildi.