Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gid-tarjimonlarning vazifalari tushuntirildi
14:59 / 2025-10-24

Xabar berganimizdek, shu yilning 30 oktyabr kuni Samarqand shahridagi xalqaro kongress markazida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimi o‘tkaziladi va 14 noyabrga qadar tashkilotning madaniyat, ta’lim, fan, madaniy meros va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha majlislari, turli tadbirlar tashkil etiladi.

Mazkur tadbirlarda qatnashish uchun Samarqandga bir qator xalqaro tashkilotlar va mamlakatlar rahbarlari, YUNESKOga a’zo davlatlar vakillari, nufuzli mehmonlar, jami 6000 dan ortiq ishtirokchi kelishi kutilmoqda.  

Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilovning aytishicha, mehmonlarga hamrohlik va tarjimonlik qilish, Samarqand, umuman, O‘zbekiston tarixi va buguni haqida batafsil ma’lumot berish uchun Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti va “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetining 800 nafarga yaqin talabalari, professor-o‘qituvchilari ko‘ngilli sifatida jalb etilgan.

Jumladan, Samarqand davlat chet tillar institutidan 48 nafar malakali professor-o‘qituvchi va magistrant, 344 nafar talaba gid-tarjimon sifatida xalqaro sammit ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatadi.  

– Tadbirga xalqaro tillarda mukammal so‘zlasha oladigan professor-o‘qituvchi va talabalarimizni jalb qilganmiz, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti birinchi prorektori Azamat Qurahmedov. – Ular Samarqandning o‘tmishi va buguni, viloyatimizdagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, shuningdek, YUNESKO haqida zarur ma’lumotlar bilan ta’minlangan. Bu borada o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Avvalgi xalqaro forumlar tajribasidan kelib chiqib, mehmonlarga yuqori saviyada xizmat ko‘rsatish uchun kerakli tavsiya va maslahatlar berilgan.

Institutda o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda gid-tarjimonlarga qo‘shimcha ma’lumotlar berildi va xalqaro forum kunlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri