Yurtimizda bahor fasli oldidan kuzatiladigan yog‘ingarchilik gidrotexnika inshootlarining barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlash masalasini qo‘ymoqda. Bu esa suv omborlari, to‘g‘onlar va gidroelektr stansiyalar faoliyatini uzluksiz nazorat qilishni talab etadi.
Shu munosabat bilan “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov rahbarligida ijro apparatining mas’ul rahbar-xodimlari hamda tizim filial va tashkilotlari mas’ullari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda jamiyat tarkibidagi gidrotexnika inshootlari, jumladan, suv omborlari to‘g‘onlari, daryo o‘zanlarini to‘suvchi inshootlar, suv olish, suv o‘tkazish, suv tashlash hamda qirg‘oqlarni himoya qilish inshootlarining seryog‘in mavsum sharoitida xavfsiz ishlashini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, aholiga reja asosida elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berishda energiya hosil qiluvchi korxonalarning barqaror ishlab chiqarish sur’atini saqlab qolish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, gidroelektr stansiyalar va suv omborlarida texnik qurilmalarning ishonchli ishlashini ta’minlash, navbatchilik xizmatini kuchaytirish, har bir ob’ekt faoliyatini doimiy nazorat qilish, ehtimoliy avariya holatlarining oldini olish uchun zarur zaxira materiallarni tayyor holda saqlash, shuningdek, mashina va mexanizmlar hamda qo‘shimcha asbob-uskunalarni shay holatga keltirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish davomida ijro apparatining barcha mas’ul rahbar-xodimlariga tizimda biriktirilgan gidroelektr stansiyalar va suv omborlari ob’ektlariga chiqib, belgilangan talablar asosida har bir yo‘nalish bo‘yicha amaliy ishlar holatini o‘rganish va qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.
Tadbir yakunida barcha mas’ullarga belgilangan tartibda qat’iy topshiriqlar berilib, gidrotexnika inshootlarining xavfsiz ishlashini ta’minlash va energiya ishlab chiqarish barqarorligini saqlash ustuvor vazifa ekani yana bir bor ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA