Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
GES qurilishida ilk bor zichlangan beton mahsulotidan foydalanilmoqda
19:14 / 2024-10-09

Bu haqda "O‘zbekgidroenergo" AJ axborot xizmati ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mazkur qurilish sohasidagi yangi texnologiyalar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chotqol daryosida qad rostlayotgan “Quyi Chotqol” GESining maxsus to‘g‘on qurilishida foydalanilmoqda.

Ta’kidlash joizki, ushbu istiqbolli loyiha bo‘yicha O‘zbekistonda ilk bor jahon standartlari asosida to‘g‘on va GES binosi yaxlit inshoot sifatida qurilib, 4 ta har biri 22,5 MVt quvvatga ega zamonaviy, yuqori samarador gidroagregatlar o‘rnatiladi hamda avtomatik boshqaruv tizimi joriy qilinadi.

E’tiborli jihati, qurilish ishlari doirasida respublikamiz va Markaziy Osiyoda ilk bor yangi zamonaviy texnologiyalar asosida birinchi marta to‘g‘on konstruksiyasi bosib zichlangan  betonli tipda quriladi. Beton to‘g‘on balandligi 60 metr, uzunligi 270 metr, to‘g‘on usti eni 7,5 metrni tashkil etadi. Suv ombori hajmi 6,8 million metr kubga teng.  

To‘g‘on qurilishida RCC (Roller-compacted concrete – bosib zichlangan beton) dan foydalaniladi, ya’ni to‘g‘onning asosiy qismi (195 ming m3) bosib zichlangan betondan iborat bo‘ladi. Bosib zichlangan betondan foydalanishdagi afzalliklar shundaki, betonni tashkil etuvchilari ajralib qolishi hamda suv o‘tkazuvchanlikni minimallashtirish maqsadida kichik qatlam-qatlam qilib beton yotqizish, yotqizilgan qatlam ustida mashina-mexanizmlarning darhol harakatlana olishi, uni tekislashi, zichlashi va bu bilan beton mustahkamligini oshirishdir.

Qurilish metodi gruntli to‘g‘onni barpo etishdagi sodda usullarga o‘xshash bo‘lib, issiq kunda sement va inert materiallar harorati tushirilgan holda beton mahsuloti tayyorlanishi hamda bosib zichlangan beton tarkibida sement miqdori sezirarli kamligi sabab beton yotqizilganda uning harorati mo‘’tadil bo‘ladi. Bu esa betonning qizib, deformatsiyaga uchramasligini ta’minlaydi.  

To‘g‘on qurilishida sifat nazorati laboratoriya sinovlari bilan amalga oshirib kelinmoqda. Qurilish laboratoriyasi jahonning ilg‘or kompaniyalaridan bo‘lgan MATEST (Italiya) tomonidan ishlab chiqarilgan uskunalar bilan jihozlangan. Loyihaning xususiyatlari, geologik joylashuvi va gruntlarning tarkibidan kelib chiqib bosib zichlangan beton uchun eng maqbul beton qorishmasini tayyorlash retsepti mazkur laboratoriyada bir necha bosqichda aniqlab olingan.

Beton to‘g‘on ichida yuvish galereyasining mavjudligi nihoyatda e’tiborlidir. Chotqol daryosi bo‘ylab o‘rtacha yillik 1 million metr kub cho‘kindilar oqib kelishini inobatga olsak, Chotqol suv ombori o‘zining foydali hajmini saqlab turishi uchun mazkur cho‘kindilarni yuvish galereyasi orqali chiqarib tashlaydi.

To‘g‘on qurilishi davrida qariyb 300 ming metr kub beton mahsulotidan foydalanishni inobatga olib, inert materiallar, ya’ni qum va chaqiq toshlar qurilish maydonida o‘rnatilgan quvvati 500 tonna/soat bo‘lgan gruntlarni maydalovchi-saralovchi shag‘al (graviy) zavodida ishlab chiqariladi.

Zichlangan beton to‘g‘oni qurilishida ishlatiladigan bosib zichlangan betonni tayyorlashda qo‘shma kotlovandan olib chiqilgan gruntlardan foydalaniladi. Ya’ni, olib chiqilgan gruntlar qurilish maydonida o‘rnatilgan quvvati 500 tonna/soat bo‘lgan inert materiallarni ishlab chiqaruvchi-saralovchi zavoddan turli fraksiyalardagi qum va chaqiq tosh ko‘rinishida ishlab chiqariladi. Mazkur inert materiallar bosib zichlangan betonning asosiy tarkibini tashkil etadi.

Shag‘al (graviy) zavodida ishlab chiqarilgan inert materiallar o‘ng qirg‘oqda o‘rnatilgan quvvati 240 m3/soat bo‘lgan beton zavodiga beton qorishmasini tayyorlash uchun yetkaziladi.  

GES ob’ektlari qurilishida, xususan, sement ishlarini amalga oshirishda GERTEK (Germaniya) kompaniyasining ilg‘or uskunasidan foydalanilmoqda. Ushbu texnologiya avtomatik tarzda sementatsiya uchun maxsus qorishmani tayyorlaydi hamda uni skvajinalarga yuboradi. E’tiborli jihati, mazkur uskunani masofadan, dunyoning istalgan nuqtasidan turib boshqarish va ish faoliyatini real vaqt rejimida kuzatish mumkin. Filtratsiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish maqsadida to‘g‘on va uning o‘qi bo‘ylab sementatsiya pardasi ishlari bajariladi.  

Gidrotexnik inshootning o‘rnatilgan quvvati 90 MVt bo‘lib, yillik o‘rtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 300 million kilovatt soatga teng. Qayd etilgan ko‘rsatkich, ya’ni GES quvvati kelajakda o‘rtacha 125 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.  

N.Ziyodullayeva, O‘zA