Bundestag Germaniyaning 2026 yilgi federal byudjetini tasdiqladi. Mazkur loyiha Ukrainaga misli ko‘rilmagan darajada yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.
“Spiegel” nashri yozishicha, parlament a’zolari kansler Mers hukumatining 524,5 milliard yevro miqdoridagi xarajatini ma’qullagan. Bu joriy yilgi byudjetga nisbatan 21,5 milliard yevro ko‘p.
Ushbu mablag‘ni to‘plash uchun taxminan 98 milliard yevro qarz, shuningdek Bundesverni modernizatsiya qilish va infratuzilmani rivojlantirish dasturlari kabi maxsus fondlardan kredit ajratilishi rejalashtirilgan. Barcha xarajatning uchdan bir qismi mehnat va ijtimoiy ta’minot sohasiga yo‘naltiriladi. Mudofaa sarfi 108 milliard yevroga yetadi. Bu sovuq urush tugagandan keyingi davr uchun eng yuqori ko‘rsatkich.
Alohida byudjet moddasida Ukrainaga 11,5 milliard yevro miqdorida yordam ajratilgan. Shu tariqa Germaniyadan Ukrainaga 2022 yildan so‘ng ajratilgan eng ko‘p yillik yordam to‘plami hisoblanadi. Ushbu mablag‘ artilleriya, dron, zirhli transport vositalari va boshqa qurollar sotib olish uchun mo‘ljallangan. Demak, GFR hukumati Kiyevni strategik qo‘llab-quvvatlash va Yevropa xavfsizligini mustahkamlashga sodiq qolishini tasdiqlaydi. Darvoqe, 26 noyabr kuni Berlin Kiyevga qishki yordam sifatida 170 million yevro berilishini ham e’lon qilgan edi. S.Rahimov,
O‘zA