Germaniyalik yosh futbolchilar yurtimizda
Ayni paytda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionati saralash o‘yinlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayapti.
Ayni paytda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionati saralash o‘yinlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayapti. Buning uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan barcha sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, shu yil 20 may kuni Germaniyaning “Berlin” U-18 jamoasi O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Otabek G‘ulomxo‘jaev ustozligidagi terma jamoamiz Farg‘ona vodiysida nemislar bilan ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadigan bo‘ldi.
Jamoalar Andijonda 21 may kuni o‘zaro kuch sinashsa, Namangandagi o‘yin esa 23 mayga belgilangan. Xabaringiz bor, mazkur viloyatlardagi stadionlar xalqaro talablarga to‘la javob beradigan darajada ta’mirlangan, har qanday xalqaro musobaqani o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Mazkur o‘yinlar orqali Otabek G‘ulomxo‘jaev terma jamoaga nomzod futbolchilarni yana bir bor sinovdan o‘tkazib, turli o‘yin uslublarini amalda qo‘llab ko‘rishni ko‘zlamoqda.
Terma jamoamizning Osiyo chempionatidagi raqiblari 9 may kuni bo‘lib o‘tadigan qur’a tashlash marosimidan so‘ng ma’lum bo‘ladi.