Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Germaniyalik tadqiqotchilar koronavirus qurbonlarini oʻrganmoqda
23:00 / 2020-04-23

Bugungi kunda dunyodagi yetakchi tibbiy-ilmiy markazlar koronavirus infeksiyasining kelib chiqishi va uning oqibatlarini oʻrganishda davom etmoqda.


Bugungi kunda dunyodagi yetakchi tibbiy-ilmiy markazlar koronavirus infeksiyasining kelib chiqishi va uning oqibatlarini oʻrganishda davom etmoqda. Jumladan, yaqinda Germaniya va Shveysariya tadqiqotchilari mazkur virusdan vafot etgan bemorlarning jasadlarini oʻrganib chiqdi.

“Avvalida Robert Kox instituti mutaxassislari tibbiyot xodimlarini xavfsizligini oʻylab koronavirusdan vafot etganlar tanasini yorishni tavsiya etmagandi. Shunga qaramasdan, gamburglik va bazellik tadqiqotchilar bu ishni amalga oshirishga qoʻl urdi va ilk xulosalarini taqdim etdi”, deb xabar berdi Germaniyaning “Zyuddoyche saytung” nashri.

Bazel universiteti gospitalida 20 nafar Covid-19 koronavirusi qurbonlarining tanalari oʻrganildi. “Jasadlarning barchasi gipertoniyadan halok boʻlganlar edi”, deydi patologoanatomiya boʻlimi rahbari, professor Aleksandr Sankov. Shuningdek, bemorlarning koʻpchiligida oʻta semizlik, yaʼni haddan tashqari ortiqcha vazn kuzatilgan. Vafot etganlarning koʻpchiligi erkaklar boʻlgan. Ularning uchdan ikki qismi ilgari yurak-qon tomir xastaligi, uchdan bir qismi esa qandli diabet bilan kasallangan edi.

“Professor Sankov boshchiligidagi tibbiyot jamoasi marhumlarni qanday kasallikka chalinganini aniqlash bilan birga ularning oʻpka toʻqimalarini ham oʻrgandi. Qayd etilishicha, bemorlarning koʻpchiligida oʻpka shamollashi yoki oʻpka kasalligi nuqsonlari boʻlmagan. Ammo, zamonaviy mikroskop ostidagi kuzatuvda ogʻir oʻpka mikrotsirkulyatsiyasi buzilishi maʼlum boʻlgan. Yaʼni bemorlarda kislorod almashuvi umuman ishlamagan. Bunday hollarda bemorga istagancha kislorod berish mumkin, biroq u tananing kerakli aʼzolariga umuman yetib bormaydi”, xabar beradi nemis nashri.

Mazkur tajriba natijalaridan keyin Robert Kox instituti ushbu jarayonning muhimligini qayd etgan va xavfsizlik choralariga qatʼiy rioya qilish zaruratini alohida taʼkidlagan holda, koronavirusdan oʻlgan bemorlar jasadini yormaslik toʻgʻrisidagi tavsiyanomasini qaytarib olgan.

Germaniyaning Gamburg-Eppendorf universiteti klinikasi sud tibbiy eksperti Klaus Pyushelning maʼlumotiga koʻra, 22-martdan 11-aprelgacha koronavirusdan vafot etgan 65 nafar bemorning tanasi oʻrganilgan. Professorning taʼkidlashicha, ayni kungacha Gamburgda jami 100 dan ortiq bemorning jasadi ochib oʻrganilgan va ularning barchasi ilgari boshqa kasalliklar bilan ogʻrigani qayd etilgan. Shuningdek, 61 bemordan 55 tasida ilgari xafaqonlik, infarkt, ateroskleroz va yurak bilan bogʻliq boshqa kasalliklar aniqlangan.

Aytish joizki, mart oyining oxirida Pekin universiteti klinikasi shifokorlari ham 29 nafar Covid-19 dan vafot etgan bemorning jasadini oʻrgangan. Maʼlum boʻlishicha, virus nafaqat oʻpkani, balki insonning immun tizimi va boshqa organlarni ham ishdan chiqargani aniqlangan.

Ingliz tilida chop etiladigan haftalik “Lancet” tibbiy jurnalida esa Syurix universiteti patologoanatomlari virus turli organlarda qon tomirlarida ogʻir shamollash keltirib chiqarganini taʼkidlashgan. Bu tadqiqot orqali nima uchun sunʼiy nafas olish apparatiga muhtoj boʻlmagan kasallarda ham oʻlim holati kuzatilgan degan savolga oydinlik kiritilgan.

Germaniya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, tadqiqot natijalari toʻgʻrisidagi hisobot Gamburg sogʻliqni saqlash boshqarmasiga taqdim etilgan. Unda vafot etayotgan bemorlar virusdan oʻlayaptimi yoki virus tufayli boshqa surunkali kasalliklardanmi degan bahsli savolga javob berishga harakat qilingan. Aytilishicha, 65 nafar vafot etganlardan 61 nafarining oʻlimiga Covid-19 sabab boʻlgan.

Bazellik patologoanatom Sankov buni quyidagicha izohlaydi: “Agar men saraton kasalligiga chalingan boʻlsam, taxminan yarim yil umrim qolgan boʻlsa-yu, lekin noxosdan meni mashina urib ketsa, bu vaziyat haydovchining aybini kamaytirmaydi. Toʻgʻri jiddiy surunkali kasalga chalingan bemorlarning umri sogʻlarga nisbatan qisqaroq boʻladi, lekin Covid-19 virusi boʻlmaganda bu bemorlarning barchasi balki bir soat, balki bir kun, bir hafta yoki bir yil uzoqroq yashashi mumkin edi”, xulosa qiladi bazellik professor.