Mashhur nemis futbolchisi va tajribali murabbiy Xans-Yurgen Gyode Farg‘onaning “Neftchi” futbol klubi bosh murabbiyi Islombek Ismoilovning yordamchisi sifatida ish boshladi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Germaniyalik mutaxassis bilan uchrashib, kelgusidagi rejalar xususida fikr almashildi.

Yurgen Gyode o‘zining boy trenerlik faoliyati davomida Eronning “Persepolis”, Eron yoshlar terma jamoasi, “Shaxid Gandi”, “Istiqlol”, “Zob Ahan”, “Alyuminium”, Bahraynning “Al-Ahli”, Malayziyaning “Kuala-Lumpur” kabi klublarida bosh murabbiy va assistent sifatida faoliyat yuritgan. O‘zbekistonda esa 2003 yilda U-19 terma jamoasini, 2004–2005 yillarda milliy terma jamoani boshqargan.

So‘nggi yillarda Yurgen Gyode Vetnam futbol federatsiyasida texnik direktor, “Vettel” klubida texnik direktor va bosh murabbiy, “Binziyung” jamoasida esa texnik direktor sifatida ishlab keldi.
Uchrashuvda “Neftchi” jamoasini Osiyo Chempionlar Ligasi elit bosqichida munosib ishtirok ettirish, zamonaviy, kuchli va hamjihat jamoa shakllantirish hamda jahon futboli tajribalarini samarali joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Germaniyalik mutaxassis “Neftchi” faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun o‘zining boy tajribasi va bilimlarini to‘liq safarbar etishga tayyorligini bildirdi.
Germaniyalik tajribali mutaxassis Yurgen Gyodening jamoaga qo‘shilishi “Neftchi” uchun xalqaro tajribani oshirish va natijalarni yanada yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA