Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan
Vatan ishqi, yurt sog‘inchi, ona zamin tarovati, bolalik zavqi qolgan ko‘chalar, ko‘zlarida issiqlik, mehr-muhabbat to‘lib-toshgan vatandoshlar chehrasi... Bularning bari ona Vatandan olisda, uning sog‘inchi bilan yashayotgan xorijdagi vatandoshlarimizning qalbidan o‘tadigan hislar, xayolida, doim o‘zlari bilan bo‘ladigan tuyg‘ulardir.
Bugun taqdir taqozosi bilan chet davlatlarda yashayotgan, ilm olayotgan, ish faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan yurtdoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular har damda o‘z yurtining sog‘inchi bilan, Vatan manzaralarini qo‘msab, ota-onaning, vatandoshlarning issiq taftini istab yashashi shubhasiz.
Bugun jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligining 30 yillik shodiyonasini keng nishonlash arafasidamiz. Yurtimizning har bir burchagida, shaharu qishloq, mahallayu guzar — har manzilda istiqlol shukuhi, bayramona tadorik hukmron. Vatanimiz istiqlolining shonli 30 yili davomida davlat va jamiyat hayotida yuz bergan olamshumul o‘zgarish va yangilanishlar, har jabhada qo‘lga kiritilgan yuksak marra va yutuqlar bugungi hayotimiz, turmush tarzimizda o‘z ifodasini topib turibdi. Yangi O‘zbekiston sharoitida har bir kunimiz yaxshi bir yangilik, quvonch va shirin tashvishlar bilan boshlanmoqda. Bugun qurilish maydoniga aylangan mamlakatimizda bunyod bo‘layotgan osmono‘par bino va inshootlar yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk, savlatiga salobat qo‘shayotir. O‘zbekistonning dunyo sahnidagi o‘rni va nufuzi ham ana shu ko‘kka bo‘y cho‘zayotgan inshootlarimiz singari yuksalib bormoqda.
Ona yurtdagi bu kabi o‘zgarishlar, albatta, har birimizni behad quvontiradi, qalbimizda jo‘sh urgan vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada alanga oldiradi. Vatan oldidagi farzandlik burch va mas’uliyatimizni yanada yuksaltiradi. Bugun nafaqat O‘zbekistondagi, balki xorijdagi minglab vatandoshlarimiz ham yurtimizdagi ana shunday yuksalishlardan, istiqlolimizning 30 yilligi oldidagi bayramona tadorikdan ko‘ngillari shod bo‘lishi aniq. Vatanning shonli to‘yi arafasidagi ana shunday faraxbaxsh onlarda Germaniyadagi o‘zbeklarning his-tuyg‘ulari, Vatan manzaralari haqidagi o‘y-fikrlari, ona yurt sog‘inchi bilan bog‘liq kechinmalari bilan qiziqdik.
Ma’rifat Nur, jurnalist, Hamburg:
— Vatan, jamiyat, siyosat — bularning bari boshqa-boshqa tushunchalar. Vatan bilan jamiyatni yoki siyosatni aralashtirib yubormaslik kerak. Jamiyatdagi muammolar yoki qandaydir negativlar Vatan haqidagi qarashlarimizni, vatanparvarlik tuyg‘usini o‘zgartirmasligi lozim. Buni farzandlarimizga ham tushuntirib boramiz. Chunki bu yerda tug‘ilib, o‘sayotgan, nemis tarbiyachilarining qo‘lida tarbiya olayotgan farzandlarimiz Vatanni biz orqali taniydi. Bizga qarab Vatan haqida, o‘zbek xalqi haqida, tilimiz, dinimiz, milliy urf-odatlarimiz haqida biladi. Katta farzandim 5 yosh, ikkinchim 5 yosh, kenjamiz chaqaloq. Ularni yurtimiz haqida ijobiy taassurotlar bilan ulg‘aytirishga, vatanparvarlik tuyg‘usi bilan tarbiyalashga harakat qilamiz. Chunki bu yerdagi ayrim vatandoshlarimiz bilan suhbatashib qolganimizda, pensiya yoshiga yetib endi Vatanga qaytish niyatida ekanligini, ammo Germaniyada tug‘ilib o‘sgan farzandlari O‘zbekistonga qaytishni istamayotganini aytib qolishadi. Mening fikrimcha, o‘zga yurtdagi biz o‘zbeklar ona Vatan haqida bolalarimiz bilan tug‘ilgandan boshlab, yillar davomida oila davrasida, dasturxon atrofida o‘tirganda muntazam gaplashib turishimiz, milliy o‘ziga xosligimiz haqida tushuncha berishimiz kerak, ongiga singdirishimiz lozim.
Vatan tuyg‘usi, yurt sog‘inchi haqida to‘xtalganda, bir holat yodimga tushdi. Yaqinda kenja qizim tug‘ilganda pasport olish maqsadida Berlindagi O‘zbekiston elchixonasiga telefon qildim. Operator biroz kutib turishimni aytib, o‘zbek milliy musiqasini ulab qo‘ydi. Bilasizmi, O‘zbekistonda vaqtimda milliy musiqamizga, milliy musiqa asboblari sadosiga quloqlarim o‘rganib ketgan ekan. Vatan tuyg‘usi haqida ko‘p she’rlar, maqolalar yozganman. Ammo o‘sha paytda kutish pauzasida qo‘yilgan milliy musiqamizni eshitib, yuragim boshqacha bo‘lib ketdi. Yurtimizni qo‘msab ketdim. Bu yerda hamma sharoit bor bo‘lsa-da, nemislar bilan teng huquqli bo‘lsam ham, millatchilik bilan bog‘liq, dinim, tilim, ro‘molim bilan bog‘liq hech qanaqa muammolarga duch kelmasam ham baribir begonalikni, issiq bir tuyg‘u uzoqda qolib ketganini his qildim. Boshqa paytda kutish vaqtlarida operatorlar tomonidan uzoq vaqt davomida qo‘yiladigan musiqa sadolaridan zerikib ketardim. Ammo bu gal kutish vaqti tugamasa edi, musiqa davom etsa edi, yana biroz kutsam edi, degan teskari ehtiyoj paydo bo‘ldi. Bu ham Vatan tuyg‘usidan, ona yurt sog‘inchidan bo‘lsa kerak, menimcha.
Avvallari Vatan haqida yozgan she’r, maqolalarimda asosan yurtning ta’riflari, yutuqlari, boyliklari, tarixi haqida, ya’ni bor narsalar, fakt va ma’lumotlar qalamga olingan. Hozir esa yozganimda ham, o‘ylaganimda ham moddiyat bilan bog‘liq biror narsa xayolimga kelmaydi, hammasi tuyg‘u bilan, hislar bilan bog‘liq kechinmalar qalbimdan kechadi, barcha tuyg‘ular sog‘inchga qorishilgan. Yurtdan olisda uning qadrini, aziz va mukarramligini yanada teran his qilyapman.
Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizni mustaqilligimizning 30 yillik to‘yi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Hammamizga ona yurtimiz rivojiga, istiqlolimiz bardavomligiga katta hissa qo‘shish nasib qilsin.
Gulmira Jumayeva, Frankfurt:
— Germaniyaga kelganimizga 13 yil bo‘ldi. Kelgan vaqtlarimizda tezroq qaytib ketgim kelardi, ota-onam, ukalarimni sog‘inardim. Ammo o‘tgan davrda bu yerga ancha ko‘nikib qoldik. Farzandlarimiz tug‘ilib, shu yerda katta bo‘lib, ta’lim olyapti. O‘z ish faoliyatimiz bilan mashg‘ulmiz. Ya’ni, Germaniya ham ikkinchi Vatanimizga aylanib bormoqda. Ammo baribir o‘z ona Vatanimizni sog‘inamiz, qo‘msaymiz, yaqinlarimiz ko‘zimizdan o‘tadi. Yurtimizdagi har bir yangilikdan, o‘zgarishdan boxabar bo‘lib turib, quvonamiz.
O‘zbekistonda barcha sohalarda katta islohotlar amalga oshirilyapti. Birgina o‘zim tug‘ilib o‘sgan Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi o‘zgarishlardan, qurilish va bunyodkorlik ishlaridan juda quvonaman. Kichik bir tumanda “City” tashkil etilishi, buning uchun keng ko‘lamdagi bunyodkorliklar amalga oshirilishi, yirik savdo markazlari, xiyobonlar, ravon ko‘chalar qurilishi katta gap. 1 yoki 2-3 yilda bir borishga to‘g‘ri keladi. Har gal borganimizda yurtimiz qiyofasini tanimay qolaman.
Bilasizmi, Germaniyaga ko‘chib kelganimizning birinchi yilida bu yerdagi muhit, shart-sharoit, odamlarning turmush sharoitlari, imkoniyatlarini ko‘rib, havas qilganman. Bir tashkilotda oddiy kotiba bo‘lib ishlaydigan qo‘shnimizning 3 qavatli uyi, undagi qulayliklarini, sharoitlarini ko‘rib, hech jonini koyitmasdan, qiynalmasdan hayot kechirishini ko‘rib, ham havas qilganman, ham xo‘rligim kelib yig‘laganman. Sababi bu yerdagi oddiy kotiba ayol mening nazarimda “shohona” hayot kechirayotgan bir paytda, men tug‘ilib o‘sgan qishloqdagi ko‘pgina ayollar o‘t-hashak orqalab, mol boqib, o‘rni kelsa, o‘zi uchun ham vaqt ajratolmay yashayotganini o‘ylab, taqqoslab yuragim ezilgan. Aslida hozir bizning yurtimiz qishloqlarida yaratilayotgan sharoit va qulayliklar ham shahardagidan kam emas.
Ammo keyinchalik Germaniyada yashash, ishlash davomida, ular bilan yaqin bo‘lib amin bo‘ldimki, bu yerdagi ayollarning ko‘taradigan stressi, yuki qishloqdoshlarimning yelkasidagi yukdan og‘ir. Bu yerdagilarning havas qilgulik hayotidan ko‘ra, o‘zimizning qishlog‘imiz, odamlarimiz, yurtimizdagi mehr-oqibatlilik, o‘zbekona mulozamat, odamgarchilik, xotirjamlik kabi insoniy tuyg‘ular bilan uyg‘un muhitimiz ming karra yaxshi ekan. Nemislarning soatday aniq ishlaydigan tartib-qoidalari odamni charchatadi. Aytilgan joyga o‘z vaqtida, albatta, yetib borish shart. O‘rni kelsa, biror mas’ul yoki shifokor qabulida soatlab kutib o‘tirib, birpas chalg‘ib qolganingda navbating o‘tib ketsa yoki belgilangan vaqtdan 5-10 daqiqa o‘tib yetib borsang, birov tushunmasligi, yana qayta navbatda turishga majbur bo‘lishing, har bir ishni o‘z belgilangan vaqtidan kechiktirmaslik shartligi va hokazo bu kabi holatlardan hayron bo‘lib qolamanki, bular odammi, robotmi!? Nahotki, inson sifatida vaziyatingni tushunishmasa, qalb bilan emas, har doim aql bilan ish tutilsa!? Nemislarning bunday shart-sharoitiga ko‘nikishimga, o‘rganishimga 10 yil kerak bo‘ldi. 11-yildan boshlab Germaniyada o‘zimni bemalol his qiladigan bo‘ldim, tartib-qoidalariga o‘rgandim.
Biroq ona O‘zbekistonimizni doim qo‘msayman. Yurtimizdagi har bir jabhada bo‘layotgan o‘zgarishlardan ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi. Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida bunday yangilanishlar yanada keng ko‘lamdadavom ettirilmoqda. Barcha vatandoshlarimizni yurtimiz to‘yi bilan samimiy muborakbod etib, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lidagi ijobiy o‘zgarishlar, yuksalishlar bardavom bo‘lishini tilab qolaman.
Muhtarama Komilova, O‘zA