O‘zbekiston Respublika savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Berlinda o‘tgan biznes-forumda ikki tomonlama iqtisodiy sheriklik xususida fikr bildirdi.
– Davlatimiz rahbarining Germaniya Respublikasiga tashrifi doirasida bugun O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida O‘zbekiston – Germaniya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz hukumati delegatsiyalari a’zolari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan qator korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Forumda so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar faol rivojlanib borayotgani, bunga ikki davlat rahbarlarining ishonchi va siyosiy irodasi tufayli erishilayotgani qayd etildi.
Jumladan, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayriboshlash hajmi o‘sishi kuzatildi. So‘nggi besh yil ichida bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshdi. 2022 yil yakunlariga ko‘ra, savdo ko‘rsatkichlari yana 50 foizga ko‘paydi va birinchi marta bir milliard yevrodan oshdi.
Forumda energetika, kimyo, oziq-ovqat, to‘qimachilik sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, elektrotexnika ishlab chiqarish, shuningdek, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Ikki yuzga yaqin Germaniya va oltmishdan ziyod O‘zbekiston korxonalari ishtirok etgan tadbirda O‘rta Osiyoda mamlakatimizning o‘rni, yurtimizning investitsiya jozibadorligi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Germaniyalik ishbilarmonlarda mamlakatimiz bilan hamkorlik qilish, investitsiya kiritish istagi paydo bo‘lmoqda. Bu forum turli sohalarni qamrab oldi. Ayniqsa, energetika sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu yo‘nalishda mamlakatimizdagi talab, sanoat rivojlanib borayotgani tufayli energetikaga qo‘yilayotgan talab, quyosh panellari, “yashil iqtisodiyot” kabi yangicha formatdagi tizimlar tadbirkorlarning e’tiborini tortdi.
Bundan tashqari, kichik va o‘rta biznesga uzoq muddatli kredit yo‘nalishlarini shakllantirish maqsadida Germaniyadagi qator banklar bilan O‘zbekiston banklari o‘rtasida shartnomalar imzolandi. Bu Germaniyada yoki Yevropada ishlab chiqarilayotgan uskuna, boshqa texnologiyalarni mamlakatimizga olib kelishga keng yo‘l ochiladi degani.
E’tiborli jihati, bu yo‘nalishga 7 yildan 10 yilgacha kredit liniyalari shakllantiriladi. Ularning foizi esa o‘rtacha hisobda 3, 4 yoki 5 foizgacha borishi ko‘zda tutilmoqda.
G.Sattorova tayyorladi.
O‘zA