Germaniya Federativ Respublikasi poytaxti Berlin shahri markazida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, mamlakatimizning ushbu davlatdagi elchixonasi hamda nemis ishbilarmonlari tashabbusi bilan yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar taqdim etiladigan “UZ Trade House Germany” ilk savdo uyi tantanali ravishda ochildi.

Palataning GFRdagi rasmiy vakolatxonasi sifatida faoliyat yuritadigan, poytaxtdagi “Brandenburg darvozasi” yonida, eng nufuzli mehmonxonalardan biri “Adlon” binosida joylashgan ushbu majmuada respublikamizning to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, elektrotexnika va sanoatning boshqa tarmoqlari eksportbop mahsulotlari muntazam namoyish qilinadi.
Tadbirda Elchi Dilshod Ahatov, Germaniya Kichik va o‘rta biznes federal uyushmasi rahbari A.Yan, Bundestag Iqtisodiyot va energetika qo‘mitasi a’zosi S.Lyudvig, shuningdek savdo uyi rahbari J.Bakos ishtirok etdi.
Endilikda yurtimiz firma va kompaniyalari mazkur savdo uyi bilan hamkorlik o‘rnatib, o‘z mahsulotlarini Germaniya va nemis tilida so‘zlashadigan mamlakatlarga eksport qilish, xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiya jalb etish imkoniga ega.

Janob Bakos ta’kidlashicha, “UZ Trade House Germany” O‘zbekistonda “Made in Uzbekistan” brendi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Germaniya bozoriga yetkazib berishda o‘zbek va nemis kompaniyalari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajaradi hamda ikki davlat biznes vakillari hamkorligini mustahkamlashga ko‘maklashadi.
M.Pirmatova, O‘zA