Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Germaniyada O‘zbek tili haftaligi o‘tkazildi
11:24 / 2023-10-25

Germaniyaning Berlin shahridagi Gumboldt universitetida “O‘zbek tili haftaligi” o‘tkazildi. Haftalikda Germaniyadagi O‘zbekiston elchixonasi hamda O‘zbekistondan tashrif buyurgan adabiyotshunos va tarjimon, tilshunos professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Shu bilan birga, Gumboldt universiteti Osiyo va Afrikashunoslik fakulteti Markaziy Osiyo bo‘limi professor-o‘qituvchilari, o‘zbek tilini o‘rganayotgan xorijlik talabalar, shuningdek, tilshunos va adabiyotshunoslardan iborat ona tilimizning jonkuyarlari qatnashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Gumboldt universiteti Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari, professor Maks Shtefan-Emmrix, o‘zbek tili o‘qituvchisi doktor Ayfer Durdu xonim o‘zbek tilini o‘rganish universitetda an’anaga aylangani, bu yerda nafaqat o‘zbek tilini, balki o‘zbek madaniyati, tarixi, urf-odatlarini o‘rganishga qiziqish ortib borayotganini ta’kidladi.

O‘zbekistondan borgan adabiyotshunos va madaniyat arboblari tomonidan turli mavzularda chiqishlar, taqdimotlar qilindi. Xususan, O‘zbekiston Milliy universiteti o‘qituvchisi, adabiyotshunos Xurshida Jalilova “O‘zbek jadidchilik adabiyoti va unda sayohatnoma janrining o‘rni”, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ilmiy bo‘lim boshlig‘i, professor Zamira Ashurova “O‘zbekistonda turizmning har jabhada, jumladan madaniy merosdan boshlab, tibbiy sohada ham barqarorlashuvi” mavzusida ma’ruza qildi.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida “O‘zbek tilini nega o‘rganish kerak?” nomli qiziqarli taqdimot ham qilindi. Taqdimotda o‘zbek tili xalqaro miqyosda o‘rganilishining asosiy xususiyatlari sifatida olti tamoyil tilga olindi. Xususan, bugungi kunda o‘zbek tilini o‘rganish dunyo tillari ichida turkiy tillar oilasiga masnubligi jihatidan ahamiyatli ekani, tilimizda dunyo madaniy merosining namunalarini bevosita o‘rganish mumkinligiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbirda o‘zbek shoirasi Farida Afro‘z she’riyatidan namunalar o‘zbek tilida va Hafiza Qo‘chqorova tomonidan nemis tiliga qilingan tarjimalar o‘qib eshittirildi.

Farida Egamberdiyevaning “O‘zbek tilini o‘rganishda milliy qadriyatlar shakllanishining psixologik omillari” mavzusidagi ma’ruzasi xorij talabalarining o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirdi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tadqiqotchisi Gulruh Elmurodova “O‘zbek tilshunosligida turizm matnlarining lingvomadaniy jihatlari” nomli ma’ruzasida turizm sohasidagi yangi so‘zlarga doir ko‘nikmalar shakllanishi borasida so‘zladi.

Tadbir doirasida Gumboldt universitetida o‘zbek tilidan saboq olayotgan talabalar o‘zbek zamonaviy she’riyatidan namunalar o‘qib berdi. Ularning chiqishlari o‘zbek adabiyotshunoslari tomonidan yuqori baholandi. Tadbir so‘ngida ijro etilgan milliy qo‘shiq va raqslar barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Shuningdek, o‘zbek olimalari ushbu universitetning Markaziy Osiyo bo‘limiga badiiy va ilmiy kitoblarni sovg‘a qildi. Tadbir doirasida o‘zbek milliy liboslari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

O‘zA