Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Germaniyada dafn etilgan o‘zbek askarlari xotirasini abadiylashtirish davom etmoqda
18:48 / 2022-05-09

Mamlakatimizda har yili 9 may – Xotira va qadrlash kunida, jumladan, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasi ham yod etiladi, mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatgan vatandoshlarimizga e’tibor, ehtirom ko‘rsatiladi.

Ma’lumki, 1941 yil respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod edi. Urush boshlanishi bilan, qariyb, 2 million yurtdoshimiz frontga otlangan. Har biri tom ma’noda qahramon bo‘lgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ko‘pi shafqatsiz janglarda halok bo‘ldi. 158 mingdan ortig‘i bedarak ketdi.

Shu ma’noda Ikkinchi jahon urushi to‘g‘risidagi hozirgacha noma’lum ma’lumotlarni aniqlash va xalqimizga yetkazish, ajdodlar xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ishlar muntazam davom ettirilayotgani e’tiborli. 

Mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi fashizmga qarshi jangda mardlik ko‘rsatib, yurt ozodligi uchun qurbon bo‘lgan vatandoshlarimiz qabrlarini topish, xotiralarini abadiylashtirish maqsadida germaniyalik bir qator hamkorlar - olim va tadqiqotchilar bilan birga ibratli ishlarni amalga oshirmoqda.

Saksenxauzen, Nudov, Lyudvigsxafen, Shenkenxorst, Teltov, Vyunzdorf, Gross-beren, Metendorf va Shtukenbrok shaharlari muzey va arxiv tashkilotlari ko‘magida olib borilgan izlanishlar natijasida 1941-1945 yillarda shu hududlarda joylashgan harbiy lagerlarga keltirilgan vatandoshlarimizga oid hujjatlar o‘rganib chiqilib, harbiylar qabristoniga dafn etilgan o‘zbek askarlari haqida qimmatli ma’lumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘lindi.

Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeridagi Shtukenbrok shaharchasida 1941 yil 23 aprelda barpo etilgan «Shtalag 326» («Stalag 326 VI K Senne») urush vaqtida tashkil etilgan 18 harbiy lagerning biri.

1941-1945 yillarda bu maskanga keltirilgan 65 ming harbiy asirning 360 nafari o‘zbek bo‘lgani, ulardan 35 nafari «Shtukenbrok» harbiylar qabristoniga umumiy holda dafn etilgani avvalroq ma’lum bo‘lgandi. 2018-2019 yillar elchixonamiz tashabbusi bilan «Shtalag 326» arxivi  materiallarini o‘rganish natijasida yana 20 nafar vatandoshimiz mazkur qabristonda «mangu orom» topgani aniqlandi. 

So‘nggi izlanishlar natijasida 130 o‘zbek harbiy asiriga oid saqlanib qolgan aksariyat hujjatlar, vatandoshlarimiz suratlari, ularning shaxsiga oid ma’lumotlar qayta tiklandi: Safarov Nurali, 1912 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan, 1943 yil 5 martda vafot etgan, Ro‘zmetov Abdurahmon  1918 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan, 1944 yil 9 iyulda vafot etgan, Isayev Musa 1921 yil Samarqandda tug‘ilgan, 1943 yil 2 iyunda vafot etgan, Mirzaahmedov Anorboy 1915 yil Toshkentda tug‘ilgan, 1944 yil 25 iyulda vafot etgan, Kamolov Safar, 1902 yil Buxoroda tug‘ilgan, 1945 yil 13 yanvarda vafot etgan... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

2020 yil elchixona tomonidan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida bu yerda yodgorlik toshi o‘rnatildi.

bugungi kunda «Shtalag 326» arxivi elchixona bilan hamkorlikda 230 dan ziyod o‘zbek askariga oid yangi ma’lumot to‘plashda davom etyapti.

O‘zA